19 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda yosh avlod o‘rtasida kitob o‘qishni targ‘ib qilish masalasi muhokama qilingan edi. Davlat rahbari rahbarlarga o‘z shaxsiy kutubxonasidan joylardagi maktablarga kitoblar sovg‘a qilishni taklif etdi. Bosh vazir Abdulla Aripov kolleksiyasidan 82 dona kitobni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-maktabga tortiq qildi, tashabbusni boshqa rahbarlar ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘zi uchun sevimli bo‘lgan 11 ta kitobning nomini ma’lum qildi.

  1. Alisher Navoiy. «Xamsa».
  2. Imom al-Buxoriy. «Al-Jomi’ as-sahih».
  3. Lev Tolstoy. «Urush va tinchlik»
  4. Erkin Vohidov. «O‘zbegim».
  5. Amir Temur. «Temur Tuzuklari».
  6. Abdulla Qodiriy. «Mehrobdan chayon».
  7. O‘tkir Xoshimov. «Ikki eshik orasi».
  8. Jyul Vern. «15 yoshli kapitan».
  9. Pirimqul Qodirov. «Yulduzli tunlar».
  10. Oybek. «Bolalik».
  11. Jumaboy Rahimov. «Vatanning sheryurak bahodiri — Jaloliddin Manguberdi.»

«Kitob — juda kuchli qurol. Chunki unda insoniyat taraqqiyotining avvalidan boshlab to‘plangan bilimlar, shakllangan ma’naviy qadriyatlar yig‘ilgan. Bashariyat tajribasi, hayot qonuniyatlari aynan kitoblarda mujassam. Shu bois, kitob o‘qishga odatlangan va kitob o‘qimaydigan insonlar orasida yer bilan osmonchalik farq bo‘ladi. Hattoki oddiy kundalik suhbatda ham mutolaaga oshno inson va kitob o‘qimaydigan odamning farqi bilinadi, uning ma’naviyatida, xulqida, fe’lida ham o‘zgarishlar ko‘rinadi. Shuning uchun ham farzandlarimiz kitob bilan albatta do‘st bo‘lishlari kerak», — dedi Nig‘matillla Yo‘ldoshev.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham Toshkent shahri, Olmazortumanidagi o‘zi tahsil olgan 249-maktabda bo‘lib, maktab kutubxonasiga kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.