Surunkali yog‘ingarchiliklar oqibatida Samarqanddagi ko‘plab tumanlarda ko‘cha va piyodalar yo‘laklari, jumladan Buyuk Ipak yo‘li, Afrosiyob, Qoshg‘ariy, ir Said, Obi Rahmat, Muqimiy, O‘zbekiston, Amir Temur, Konimex va Mulyon-Sochaki ko‘chalarida ariqlardan suv toshib chiqishi kuzatildi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. Ushbu ko‘chalarning katta qismi shahar markazida joylashgan (video).

Yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish tadbirlariga viloyat Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Yong‘in xavfsizligi boshqarmalari, shuningdek, Samarqand shahar hokimligi, Obodonlashtirish boshqarmasi, viloyat «Suvoqava» DUKning shaxsiy tarkibi va maxsus texnika vositalari jalb etildi.

Temir yo‘l yaqinida poyezdlar harakati to‘xtab qolmasligi uchun ekskvatorlar atrofdagi yerlarni mustahkamlash ishlarini olib bormoqda. Qutqaruvchilar yo‘llarda to‘xtab qolgan haydovchilar va suv bosgan xonadonlarda yashovchi fuqarolarga yordam ko‘rsatmoqda. Bu ishlarga 50 dan ortiq texnika va 631 nafar xodim jalb qilingan.

FVVdan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, qurilish chiqindilari shahar irrigatsiya tarmoqlarini qisman to‘sib qo‘ygan.

«Samarqandda Toshkentdagi kabi ulkan qurilish ishlari olib borilmoqda. Irrigatsiya tizimida qurilish chiqindilari bilan to‘lib qolgan yerlar bor. Bundan tashqari, aholining maishiy chiqindilar bilan noto‘g‘ri muomalasi oqibatida ham kanalizatsiya to‘lib qolgan», — deya izoh berdi FVV.

«Oldinda yomg‘irlar mavsumi. O‘tgan yili Samarqandda bir yarim soatda bir oylik yog‘ingarchiliklar yoqqan edi. Surunkali yog‘ingarchiliklarga irrigatsiya tizimi dosh bera olmaydi. Joriy yilda ham, ehtimol, xuddi shunday bo‘ladi», — dedi FVV vakili.

Foto

Foto: Yevgeniy Romanenko / Facebook`dagi «Ya — Samarkandets» guruhi

Foto: FVV.