Buxoro viloyatiga safar qilgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Romitan tumanidagi «BCT Cluster» xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qishloq xo‘jaligida klaster tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida mazkur korxona uchun 8 ming gektar yer ajratilgan edi. 3 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanib, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. Birgina 2018 yilda 20 ming tonnadan ziyod xomashyo yetishtirilib, uni qayta ishlash natijasida 61,5 million dollarlik daromad olindi.

E’tiborlisi, korxonaga dastlab qariyb 75 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan edi. Ya’ni, sarflangan mablag‘ bir yildayoq o‘zini salkam oqladi.

Yana bir jihati: shuncha paxta tola sifatida sotilganda 11,5 million dollar bo‘lardi. Qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotilganda 50 million yoki 6 barobar ko‘p qo‘shimcha qiymat yaratilgan.

— Mana, klasterlar qanday bo‘lishi kerak. Tadbirkorda manfaatdorlik hissi, yangicha dunyoqarash bo‘lsa, albatta natija qiladi. Iqtisodiyot ishlasa, ijtimoiy sohalarniyam «tortadi». Klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlaydi. Eng katta maqsadimiz mana shu, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umuman, klaster paxta xomashyosi yetishtirish, uni qayta ishlab, tayyor mahsulotlargacha bo‘lgan 8 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Ip-kalava va mato ishlab chiqarish, ularni bo‘yash, tayyor kiyim tikish fabrikalari qurilishi davom etmoqda.

Shuningdek, yog‘-moy zavodi, chorvachilik kompleksi va ozuqa ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirilgan.