Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining telegram kanali orqali xabar berildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Jizzax viloyati hokimligining O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, filialning asosiy vazifalari etib quyidagi va boshqa ehtiyoj yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash belgilangan:

psixologiya;

pedagogika;

matematika va tabiiy fanlar;

mexanika;

mexatronika.

Qaror loyihasida filialga 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanishi ko‘zda tutilgan.