O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi portaliga «Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilariga kasb malakasi diplomini berish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Xalq ta’limi vazirining buyruq loyihasi joylashtirildi.Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi 868-son «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10−11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan tayyorlangan.

Ushbu buyruqqa asosan 11-sinf bitiruvchilarining O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida malaka talablarini bajargan o‘quv-dasturlarida belgilangan bilimlarni o‘zlashtirgan o‘quvchilarga davlat namunasidagi kasb malakasi diplomi berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mazkur hujjat loyihasiga ko‘ra o‘quv-ishlab chiqarish majmuasini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchiga mehnat qilish huquqini beruvchi oddiy yoki a’lo darajali kasb malakasi diplomi beriladi hamda mazkur diplom bitiruvchining qaysi o‘quv-ishlab chiqarish majmualari kasb-hunar o‘rganishidan qat’iy nazar o‘zi ta’lim olayotgan umumiy o‘rta ta’limi maktabi direktori tomonidan berilishi belgilangan.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10−11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari:

o‘quvchilarga maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasb-hunar o‘rgatish;

shu kasb bo‘yicha ijodiy fikrlaydigan, tashkilotchilik hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxsni tarbiyalash;

o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda kasb-hunar tanlashda ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.