Tasavvur qiling, energetika vaziri endi O‘zbekiston aholisining har biri o‘z shaxsiy extiyojlari uchun davlat byudjetidan nafaqa olishini e’lon qildi. Lekin buning bir sharti bor: odam qancha boy bo‘lsa, u oladigan nafaqa miqdori ham shuncha ko‘p bo‘ladi va aksincha, odam qancha kambag‘al bo‘lsa, unga beriladigan nafaqa ham shuncha oz bo‘ladi. Agar u juda-juda kambag‘al, hatto boshpanasiz yashayotgan bo‘lsa, u oladigan nafaqa miqdori ham shunga yarasha — amalda nolga teng bo‘ladi. Basharti odam juda boy bo‘lsa, nafaqa miqdori oyiga bir necha million so‘mga boradi.

Bunday e’longa jamoatchilik qanday qarashini tasavvur qilish qiyin emas. Menda sizlar uchun noxush xabar bor: garchi hech kim ommaviy tarzda bunday e’lon qilmagan bo‘lsa ham, amaldagi voqeligimizning o‘zi shunday. Mana bir necha o‘n yillardirki, biz shunday «jamoat shartnomasi» asosida yashayapmiz va unga ko‘ra mamlakatimizning badavlat kishilari kambag‘allarga nisbatan qiyoslab bo‘lmas darajada ko‘proq nafaqa olishmoqda.

Gap o‘zi nima haqida borayapti?

Bu o‘rinda gap energetik subsidiyalar haqida. Deyarli barcha energiya manbalari soliq to‘lovchilarning mablag‘lari hisobidan subsidiyalanadi. Benzin ham, elektr energiyasi ham, tabiiy gaz ham «haqiqiysi"dan past narxda sotilayapti, narxdagi tafovut esa, soliq to‘lovchilarning pullari hisobidan qoplanmoqda.

Davlat korxonalarining xususan o‘ziga xos omillari, umuman esa, past samaradorligi bilan bog‘liq bo‘lgan energetika kompaniyalarining siyqa samarasizligidan tashqari, mazkur muammoning ko‘plab qayg‘uli oqibatlari mavjud. Keling, so‘zimizni maqolaning bosh g‘oyasi, ya’ni ushbu choralarning regressivligidan boshlay qolaylik.

Subsidiyalar qo‘llanilganda kambag‘allarga nisbatan boylar ko‘proq pul olishining sababi nima?

Shu o‘rinda uch kishining hayoti to‘g‘risida so‘z yuritmoqchiman. Bular: Anvar, Botir va Vali. Anvar maktabda xo‘jalik mudiri bo‘lib ishlaydi va ishga avtobusda qatnaydi. Uy bilan ishxona orasidagi masofa atigi 5 kilometr bo‘lishiga qaramay, Anvar ishga yetib borishga yarim soat sarflaydi. Anvar kamdan kam hollardagina taksiga o‘tiradi, chunki bu ancha qimmat, lekin u ba’zan bozordan olgan xaridlarini keltirish uchun yoki biron joyga juda shoshilayotganida kirakashlar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘ladi. Aytaylik, u kirakash «Matiz"da haftasiga 20 kilometr yuradi. Agar Anvar haftasiga olti kun ishlaydigan bo‘lsa, avtobusda 5*2*6=60 km va avtomobilda 20 km yuradi.

Agar avtobus yonilg‘isi va benzin sarfini litrda hisoblasak, Anvarning ulushiga avtobusda 3 l/40 (yo‘lovchilarning o‘rtacha soni) va taksida 2 litr to‘g‘ri keladi. Natijada Anvar haftasiga 2,5 litrdan kamroq yonilg‘idan foydalanadi.

Botir kompaniya direktori bo‘lib ishlaydi va o‘zining katta yo‘ltanlamasida har kuni ishga boradi, dam olish kunlari esa — shahar tashqarisiga chiqadi. Botir haftasiga 400 km yuradi. Yo‘ltanlamas 100 kilometr masofaga 20 litr benzin sarflashini hisobga olsak, demak Botir haftasiga 80 litr benzin yoqadi.

Vali — badavlat ishbilarmon. Valining turli rusumdagi to‘rtta avtomobilidan tashqari, unga tegishli korxonaning 40ta yengil va yuk avtomobili bor.

Keling endi shu uchovining qay biri byudjetdan subsidiyalarni ko‘proq olishini taqqoslab ko‘raylik.

Yaqqol ko‘rinib turibdiki, odam qancha ko‘p benzin ishlatsa, shuncha ko‘p subsidiyalar oladi. Ushbu misolda kambag‘al odam byudjetdan oladigan subsidiyalar boy kishi oladiganidan 8,13 mln so‘m kam. Albatta, bu faqat farazga asoslangan misol, jadvaldagi raqamlar ham kim qancha ishlatishiga qarab o‘zgarib turadi.

Lekin xulosa aniq: boylar kambag‘allarga nisbatan ancha ko‘p benzin sarflashadi va tegishlicha davlatdan oladigan pullari ham kambag‘allarnikiga nisbatan beqiyos darajada ko‘p. Ustiga-ustak, mamlakat aholisining aksariyat ko‘pchiligi avtomobilga ega emasligi (2 millionta avtomobil) e’tiborga olinsa, benzin uchun subsidiyalar, bu — chinakam kambag‘allik solig‘i.

Gaz yoki elektr energiyasi uchun subsidiyalarni ham xuddi shu tarzda hisoblab chiqish mumkin. Gaz va elektrdan foydalanish hajmi ko‘p jihatdan odamlarning daromadiga bog‘liq: kimningdir uyi — bir xonali kvartira va u yerda oltita cho‘g‘lanma chiroq ishlatiladi, boshqa birovning uyi — hovli va u yerda suvi elektr bilan isitiladigan hovuz bor. Badavlat odam pul ekvivalentida ancha ko‘p subsidiya oladi. Bu farq odatda bir necha ming barobar kattaroq bo‘ladi.

Ehtimol kimdir: «Boylar subsidiyalardan ko‘proq foydalanishga haqli, chunki ular ko‘proq soliq to‘laydi», — degan fikrga borar… Ijozatingiz bilan, nima sababdan subsidiyalar rag‘batlantirishning yomon turi ekanligini izohlab bersak.

Aksariyat iqtisodchilar energiya resurslari uchun (qolaversa, boshqa tovarlar uchun ham) subsidiyalar ajratilishiga qarshi. Chunki subsidiyalar iqtisodiyotda resurslar noto‘g‘ri taqsimlanishiga, aniqrog‘i, iste’mol haddan ziyod ko‘payishiga olib keladi.

Basharti davlat boylarni rag‘batlantirishni istasa, masalan pullar naqd shaklda berilishi ham baribir iqtisodiy imtiyozlar hajmini kamaytirmaydi. Zero pullar transferti, bu bor yo‘g‘i ularni qayta taqsimlashdir. Biroq, agar shu ish subsidiyalar orqali amalga oshirilsa, u holda iqtisodiyot hajmi qisqaradi. Ya’ni, agar davlat boylarni «rag‘batlantirishi» shu qadar zarur bo‘lsa, naqd pul berish arzonroq tushadi.

Grafik shaklida bu quyidagicha ko‘rinadi:

Ushbu grafikning mantiqi quyidagicha: iste’molchilar benzinni keragidan ortiqroq iste’mol qilishadi, chunki benzinning real narxi bilan iste’molchi to‘layotgan narx o‘zaro teng emas. Boshqacha qilib aytganda, agar davlat o‘sha subsidiyalarning o‘zini naqd pulda berganida, narx esa erkin belgilanganda iste’mol hajmi kamroq bo‘lardi. Subsidiyalar qo‘llanilganda soliq to‘lovchilar ko‘radigan zarar iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilar ko‘radigan zarardan ko‘ra ko‘proq bo‘lishi matematik yo‘l bilan isbotlanishi mumkin.

Qolaversa, energiya ishlab chiqarish eksternaliyalarga (tashqi ta’sirlarga) ega: havo va hayot sifati yomonlashadi. Agar subsidiyalarni shu nuqtai nazardan ta’riflaydigan bo‘lsak, u quyidagicha ifodalanishi mumkin: davlat boylar tomonidan atrof-muhit ifloslanishida homiylik qilib, ayni paytda aholining kam ta’minlangan qatlamlariga soliq soladi.

Ayniqsa boylar bilan kambag‘allarning daromadlari orasidagi tafovut haddan ziyod kattaligi, mamlakat esa anchagina kambag‘alligi e’tiborga olinsa, bunday holat g‘oyat qayg‘ulidir. Ya’ni, imkoniyatlar orasidagi mavjud tengsizlikni bartaraf etish ustida ishlash o‘rniga, biz kambag‘al odamlar qo‘liga ming barobar kamroq imkoniyatlar berayapmiz.

Ustiga-ustak, shu subsidiyalar sharofati bilan mamlakatdagi energiya resurslarining yetishmovchiligi tahlikali darajada. Holbuki, aholining bir qismi, asosan poytaxtda yashovchilar arzonlashtirilgan yonilg‘i va elektr energiyasidan uzluksiz foydalanayotgan bir paytda deyarli barcha mintaqalarda bu resurslarni yetkazib berishdagi kechikishlar va taqchillik odatiy holga aylangan. «Bu uyda elektr toki bormi?» degan savol ba’zi mintaqalarda hech kimni ajablantirmaydi. Farg‘ona vodiysida esa, haydovchilar har kuni gaz yoki benzinga navbat kutishi odat tusiga kirgan.

Nazariy jihatdan, bozor iqtisodiyotida taqchillik bo‘lishi mumkin emas: narx doimo tovarning qadrini aks ettiradi.

Bizning holatda, agar biz energiya resurslarining narxini erkin qo‘yib yuborsak, mamlakatda elektr toki bo‘lmagan yoki benzin sotib olishning imkoni topilmaydigan bironta ham qishloq qolmaydi.

Bunday yo‘l tutilishi ota-onasi almisoqdan qolgan usulda taom pishirishga uringani uchun ikki yashar chaqaloq tiriklayin yonib ketgani kabi dahshatli holatlarning oldini olish imkonini beradi. To‘g‘ri, energiya resurslarining narxi hamma joyda har xil bo‘ladi, balki hatto narxlar mavsumga ham bog‘liq bo‘lar, lekin u hamisha va hamma joyda mavjud bo‘ladi.

Demak, «O‘zbekenergo"ning poytaxt aholisini elektr energiyasi olis qishloqlarga ham yetib borishi uchun uni tejab ishlatishga da’vat qiluvchi quruq va’dalari o‘rniga davlat bor-yo‘g‘i subsidiyalarni to‘xtatib, sotuv bozorini tark etishi kifoya ekan. Shunda gazni ham, elektr energiyasini ham, benzinni ham barcha odamlar sotib olish imkoniga ega bo‘ladi, bozor esa, energiyani isrof qiluvchilarni bir zumda «tarbiyalab qo‘yadi». Mabodo kimdir uni orqa-oldiga qaramay isrof qilib ishlatsa ham, buning uchun o‘zi haq to‘laydi. Axir biz kitobga yoki paypoq sotib olishga pulni ayamay sarflaydiganlarni ayblamaymiz-ku. Basharti subsidiyalar bo‘lmasa, «isrofgar» yoki «ortiqcha iste’mol qilish» kabi so‘zlar o‘z ma’nosini yo‘qotadi.

Mayli, subsidiyalar yomon bo‘la qolsin, lekin iqtisodiyot uchun bu shunchalik fojialimi? Subsidiyalar qanchalik zarar keltirishi mumkin?

Xalqaro energetika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2017 yilda energetika bo‘yicha subsidiyalarga 5,237 mlrd. dollar sarflagan. Qiyoslash uchun: 2018 yilda ta’lim sohasiga byudjetdan 2,43 mlrd. dollar (19504,3 mlrd. so‘m) sarflangan.


Ya’ni, biz energiyani subsidiyalash uchun yiliga sarflayotgan mablag‘ jami 5184000 nafar maktab o‘quvchisi va 2450000 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisining ta’limi uchun ajratilayotganiga nisbatan ikki baravardan ziyod (!) ko‘p. Yoki, bu subsidiyalar miqdori butun mamlakat aholisining sog‘lig‘ini saqlashga sarflanayotganidan 4 baravar (!) yoxud ilm-fan uchun ajratayotganimizdan 100 (!) baravar ortiq.

Byudjet mablag‘lari qaysi yo‘nalishda sarflanishi faqat iqtisodchilar shug‘ullanadigan masala emas. Bu masalani mamlakat parlamenti hal qilishi kerak. Albatta, agar parlamentda davlatning sarf-xarajatlari bilan shug‘ullanishsa, yomon bo‘lmasdi. Men fiskal intizom masalasiga jiddiy qaraydigan parlament haqida doimo orzu qilganman.

Subsidiyalar keltirib chiqaradigan muammo mablag‘lar keraksiz tomonga sarflanayotganida emas, balki biz byudjet mablag‘larini sarflab, ayni paytda iqtisodiyotga ziyon yetkazayotganimizdadir. Boshqacha qilib aytganda, xuddi shu mablag‘larni sarflash joizroq bo‘lgan sohalar borligi o‘z yo‘liga, lekin bu mablag‘lar subsidiyalarga sarflanayotganligining o‘ziyoq mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazib, tengsizlikni chuqurlashtirayotganligi achinarli hol, demoqchiman.

Fikrimcha, subsidiyalarni bekor qilish va keyin jamiyat tejalgan pullarni qayoqqa sarflashni ma’qul ko‘rishini hal qilish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Hatto, tejalgan mablag‘larni naqd shaklda bersa ham bo‘ladi.

Shunisi g‘oyat diqqatga sazovorki, O‘zbekiston aholi jon boshiga sarflayotgan subsidiyalar hajmi Rossiyadagidan ham ko‘p. Holbuki, Rossiya aholisining daromadlari bizdagidan bir necha baravar yuqori. Janubiy Koreya esa, bundayin zararli «mashq"larga bir tiyin ham sarflamaydi.

Subsidiyalar bekor qilinishi fiskal intizomni, imkoniyatlar tenglashtirilishini va shunchaki ijtimoiy adolatni ta’minlashning zarur shartidir. Qolaversa, subsidiyalar bekor qilingani bilan energiya resurslarining narxi keskin oshib ketmaydi. Hozir shunchalik katta subsidiyalar qo‘llanilgani bilan O‘zbekistondagi benzin narxi Janubiy Qozog‘istondagidan baland. Erkin bozor sharoitida Toshkent bilan Shimkentdagi benzin narxlari faqat uni tashish xarajatlari bilan farqlanishi, ya’ni tafovut taxminan nolga teng bo‘lishi kerak.

Bizda Energetika vazirligi yaqindagina tashkil etildi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu sohada hali ancha ishlar qilinishi zarur. Lekin, birinchidan, subsidiyalardan voz kechish, ikkinchidan esa, davlatning ishtiroki zararli bo‘lgan faoliyat turlari xususiylashtirilishi kerakligi hozirdanoq ayon.

Subsidiyalar qo‘llanilgan holda o‘tayotgan har bir kun biz uchun haddan tashqari qimmatga tushyapti. Biz esa bunga yo‘l qo‘ya oladigan darajada boy emasmiz.

Muallifning fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.