Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonlik qo‘mondoni lavozimiga dengiz piyoda qo‘shinlari generali Kennet Makkenzi tayinlandi. Avval ushbu lavozimda genelar Jozef Votel faoliyat ko‘rsatayotgan edi.

28 mart kuni Tampda (Florida) bo‘lib o‘tgan tayinlash marosimida AQSH vazirlik va mahkamalar rahbarlari hamda Markaziy qo‘mondonlik mas’ul bo‘lgan hududlarga kiruvchi mamlakatlar, shuningdek koalitsiya vakillari (jami 1000 ga yaqin kishi) ishtirok etdi. Qatnashchilar orasida O‘zbekiston delegatsiyasi ham bor edi, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

AQSH mudofaa vaziri v. b. Patrik Shanaxan iste’foga chiqayotgan general Jozef Votelning AQSH QK safidagi qariyb 40 yillik xizmati davomidagi xizmatlarini e’tirof etdi va murakkab vaqtlarda Markaziy qo‘mondonlikka rahbarlik qilganini ta’kidlab o‘tdi.

To‘rt yarim yil davomida 74 davlat va xalqaro tashkilotlardan iborat koalitsiya tarkibida Suriya va Iroqda «Islom davlati"ni yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro operatsiyalarni o‘tkazishdagi muvaffaqiyatlarini alohida qayd etib o‘tdi.

Patrik Shanaxan Markaziy qo‘mondonlikning general Votel rahbarligi ostida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish maqsadida «Tolibon» harakati va hukumat o‘rtasida muzokaralarni yo‘lga qo‘yish, afg‘on xavfsizlik kuchlarini o‘qitish, maslahat berish va yordam ko‘rsatish, shuningdek Yamandagi gumanitar inqirozni hal etishdagi sa’y-harakatlarini ham tilga olib o‘tdi.

Kennet Makkenzi tayinlovga qadar Afg‘onistonda Xalqaro xavfsizlikka ko‘maklashish kuchlari qo‘mondonlik shtabi boshlig‘i yordamchisi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. U strategik rejalashtirish bo‘yicha direktor bo‘lgan. 2017 yildan Pentagonda Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.