26 mart kuni O‘zbekistonning Shanxay shahridagi (Xitoy) Bosh konsulxonasi ushbu shahar tumanlaridan birida turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘rlik bilan ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarosi Maftuna Xolmatovaning vatanga qaytishiga ko‘mak ko‘rsatdi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Bosh konsulxona Maftuna Xolmatova haqidagi ma’lumotni 26 mart kuni olganidan so‘ng mahalliy politsiya hokimiyatiga rasmiy murojaat qildi. Natijada ayolning joylashgan manzili aniqlandi hamda u bilan konsullik xodimlari uchrashdi.

Ushbu O‘zbekiston fuqarosining xabar berishicha, u 2018 yilning iyun oyida Namangan shahridagi nikoh agentligi vositasida XXR fuqarosi Yao Venxao bilan tanishadi hamda va’dalariga ishonib rasmiy nikohni qayd etgandan so‘ng Xitoyga turmush o‘rtog‘ining yoniga uchib ketadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetib borganidan buyon og‘ir ijtimoiy sharoitda yashagan, unga ovqat berishmagan, urishgan, tahqirlashgan hamda pasportini olib qo‘yishgan. U o‘ziga yetkazilgan aziyatlarga chidolmay bir necha marta qochishga uringan.

Politsiya bo‘limi boshlig‘i ham ishtirok etgan suhbatdan so‘ng O‘zbekiston fuqarosi Bosh konsulxonaga topshirilgan. 28 mart kuni Pekin shahri orqali uchgan aviareysda ayol Toshkentga yetib keldi.

«Boshqa mamlakatlarda fuqarolarimiz bilan sodir bo‘lgan bu kabi faktlar yagona emasligini inobatga olib, TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolariga uzoq muddatga xorijiy davlatga borganda O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida konsullik hisobida turishni hamda bu kabi va boshqa murakkab hayotiy vaziyatlarda ularga murojaat qilishni qat’iy tavsiya etadi. Bunday holatlarda milliy pasportni boshqa shaxslarga berish mumkin emas», — deyiladi xabarda.