27 mart kuni Bosh prokuratura akademiyasi YUNISEF xalqaro bolalar fondi bilan hamkorlikda Toshkentning Chilonzor tumanida qonun bilan ziddiyatdagi voyaga yetmaganlarni odil sudlov doirasidan chiqarish va ularga nisbatan tiklovchi choralarni qo‘llash bo‘yicha innovatsion loyihani amalga oshirish ishlarini boshladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Loyiha voyaga yetmaganlar odil sudlovi borasida BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilangan ikki asosiy xalqaro standartlarni joriy etishga yo‘naltirilgan.

Loyihaning maqsadi — bolalarni maxsus ta’lim-tarbiya muassasalariga joylashning salbiy oqibatlarining oldini olishga qaratilgan. Odil sudlov tizimidan chiqarish choralari va tiklovchi sudlov yondoshuvlarini qo‘llashni modellashtirish, bu — voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlikni qayta sodir etilishining oldini olish bo‘yicha xalqaro innovatsion tajriba hisoblanadi. Mazkur yondashuv dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ijobiy natijalarni bergan.

Joriy yilning 5−18 mart kunlari tajriba tariqasida ishga tushirilgan loyiha doirasida voyaga yetmaganlar odil sudlovi masalalari bo‘yicha xalqaro ekspert Ingrid van Velzenis ishtirokida oraliq-intizom guruhini o‘qitish tashkil etildi.

Shuningdek, 18 mart kuni Bosh prokuratura akademiyasi va YUNISEF xalqaro bolalar fondi vakillarining ishtirokida trening ishtirokchilariga sertifikatlar taqdim etildi.