Dushanba kuni China Cup xalqaro musobaqasida uchinchi o‘rin uchun kechgan uchrashuvda O‘zbekiston termasi yarim himoyachisi Otabek Shukurovga og‘ir tan jarohatini yetkazgan Xitoy terma jamoasi futbolchisi Vey Shixao uni ko‘rishga bordi, deya xabar qildi South China Morning Post gazetasi.

Nashrning qayd etishicha, xitoylik hujumchi o‘rtoqlik uchrashuvidan keyingi kuniyoq o‘zbekistonlik sportchiga o‘rindiq aravacha va savat to‘la mevalar sovg‘a qilgan.

Vey Shixao Otabek Shukurovga qarshi qo‘pol o‘yini uchun sariq kartochka oldi. O‘zbekiston termasi yarim himoyachisining boldiri singani aniqlandi, ushbu jarohat natijasida u ikki oygacha muddatga davolanishga majbur. Hodisadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda xitoylik futbolchi keskin tanqidlar ostida qoldi.

Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubi Vey Shixaoni bir oy muddatga chetlatdi.

«Klub Vey Shixaoni bir oyga vaqtincha chetlatishga qaror qildi va o‘yinchi o‘zini o‘zi chuqur tahlildan o‘tkazishi uchun jamoaning kadrlar bo‘limiga murojaat qilishi lozim. Klub ushbu tekshiruv asosida uni jamoadan chetlatish-chetlashtirmaslik haqida qaror qabul qiladi», — deyiladi «Guanchjou Evergrand» xabarida.

Hujumchi ommaviy va xususiy tartibda kechirim so‘radi. «Juda afsusdaman va mening chalishim bu qadar og‘ir jarohatga olib kelishini kutmagan edim. Tushundimki, u og‘ir jarohatlangan va men bu foldan juda afsusdaman. Oyoqlar futbolchi uchun juda muhim va hech kim kimnidir jarohatlashni istamaydi. Men folga qadar uzoq vaqt to‘pga tegmadim. Men ular sur’atini pasaytirishga harakat qilgandim», — dedi Vey Shixao.

«Guanchjou Evergrand» va Xitoy terma jamoasi bosh murabbiysi o‘yinchining yonini olib chiqdi.

«Vey — o‘ziga xos xarakterli qobiliyatli o‘yinchi. U himoyalanishdan ko‘ra yaxshiroq hujum qiladi. Vey — yomon yigit emas. Uning jonbozligi va o‘yinda g‘alaba qozonishga ishtiyoqi ushbu hodisaga olib keldi», — dedi italiyalik mutaxassis.