O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi samarali bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahrida mazkur amirlik valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan, Dubay shahrida BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlar chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi hamda o‘zaro manfaatli hujjatlar va umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod investitsiya kelishuvlari imzolandi.

Prezident Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.