«Qoraqalpog‘iston» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari poroxning yashirincha olib kirilishini fosh qildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga kirib kelgan yuk poyezdini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida vagonlaridan birining ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlariga 1 dona polietilen o‘ram yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Ushbu o‘ram xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida esa, uning ichiga 240 gr. og‘irlikdagi porox yashirilganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.