MDH davlatlari Chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari kengashi (CHQQK) 81-yig‘ilishida 20 dan ortiq qarorlarni qabul qildi, deya xabar berdi MDH CHQQK Muvofiqlashtirish xizmati raisi general-polkovnik Aleksandr Manilov. Ular orasida 2019−2020-yillarda maxsus operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rish hamda 2021−2025-yillarda hamkorlik dasturlariga oid qarorlar o‘rin oldi.

Yig‘ilish payshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Unda hamdo‘stlikka a’zo sakkiz davlat chegara mahkamalari vakillari, shuningdek MDH Ijro qo‘mitasi raisi Sergey Lebedov va O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov ishtirok etdi.

“Kun tartibidan to‘qqiz masala o‘rin olgan bo‘lib, MDH davlatlari chegara mahkamalari rahbarlari Kengashning 20 dan ortiq qarorlarini qabul qildi”, — dedi Aleksandr Manilov. Uning so‘zlariga ko‘ra, majlis jarayonida Markaziy Osiyo hududining tashqi chegaralaridagi vaziyat va yaqin istiqbolda uning rivojlanish tendensiyalari muhokama qilindi.

Kengash ishtirokchilari 2021−2025-yillarda tashqi chegaralarda chegara xavfsizligini mustahkamlashda hamdo‘stlik davlatlari hamkorligi dasturi loyihasi, shuningdek MDH davlatlari kengashining tashqi chegaralardagi inqiroziy vaziyatlarni boshqarishga qaratilgan MDH davlatlarining chegara va boshqa mahkamalari guruhlari tarkibiga kiritish uchun tuzilmalar ro‘yxati to‘g‘risidagi qarorini ma’qulladi.

Shu bilan birga, kengash faoliyatini rejalashtirish hamda MDH davlatlari chegaralarini muhofaza qilish shakl va uslublarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha ham hujjatlar qabul qilindi.

“Gumanitar sohada hamkorlik ma’qullandi, bunda asosiy e’tibor 2020-yilda 1941−1945-yillarda Ulug‘ vatan urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab MDH davlatlari tashqi chegaralari bo‘ylab estafetani tashkil etishga qaratildi”, — deya qo‘shimcha qildi Aleksandr Manilov.

MDH CHQQKning navbatdagi yig‘ilishi yilning ikkinchi yarmida Belarusda bo‘lib o‘tadi.