2018 yilda avtokreditlash hajmining keskin o‘sib ketganidan so‘ng joriy yil yanvardan avtokreditlar beruvchi banklar soni qisqardi. Fevralda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov buni boshqaruvchi bu kabi kreditlar xavfi yuqori bo‘lgani sababli tijorat banklari ustav kapitaliga qo‘shimcha talablar joriy etilgani bilan izohlagan edi. U avtokreditlashning avj olishi ikkilamchi avtomobillar bozorini o‘ldirishini aytib o‘tdi.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov payshanba kuni Xalqaro moliya-bank forumi maydonida «Gazeta.uz» muxbiriga bergan intervyusida nima uchun MB bosqichma-bosqich xavfga yo‘naltirilgan nazoratga o‘tayotganini ma’lum qildi.

«Bu iqtisodiyotda so‘nggi ikki yilda o‘yin qoidalari butunlay o‘zgargani, ya’ni biz iqtisodiyotni ma’muriy boshqarishdan bozor mexanizmlariga asoslangan iqtisodiyotga o‘tayotganimizni anglatadi. Mos ravishda turli: tovar, moliya, valyuta bozorlarini liberallashtiramiz. Bozorga qanday operatsiyalarni amalga oshirishini o‘zi belgilashiga imkon beramiz, biroq ayni vaqtda bu xavflarni ham keltirib chiqaradi. Bozorning alohida ishtirokchilari noto‘g‘ri baholash o‘tkazib, zimmasiga ortiqcha xavflarni yuklashi, bu esa katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin», — deya izoh berdi u.

Avvallari Markaziy bank nazorat doirasida qoidabuzarliklar sodir etgan banklarni aniqlab, ularga tegishli choralar ko‘rdi.

«Bu uslub allaqachon dolzarb va samarali emas, chunki qoidabuzarlikdan so‘ng yo‘qotishlar shunchalik katta bo‘lishi mumkinki, keyin chora qo‘llash foydasiz. Shuning uchun boshqaruvchi xavflarni aniqlash yo‘li bilan katta yo‘qotishlarning oldini olishi, operatsiyalar o‘tkazishni cheklash emas, balki MB tomonidan bu kabi riskli operatsiyalarga bo‘lgan ishtahaning ochilib ketishini tiyib turuvchi makroogohlantiruvchi choralarni qo‘llashi kerak, agar qarab tursak, ular bizni muammolarga olib keladi», — Timur Ishmetov.

Makroogohlantiruvchi choralar butun moliya sektori hamda alohida sektorlardagi tizimli xavflarni kamaytirishga qaratilgan. MBning makrodarajadagi tahlillari alohida mahsulotga kredit ajratilishi butun boshli bank yoki moliya sektori uchun muammolarni vujudga keltirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bunday holatlarda boshqaruvchi har bir bank aktivi bo‘yicha xavf koeffitsiyentlarini oshiradi.

«Yanada riskli bo‘lgan aktivlarga nisbatan shunchaki xavflar koeffitsiyentini oshiramiz. Bu banklarga ushbu operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlamaydi, balki koeffitsiyentning oshirilishi banklarni bu kabi operatsiyalar uchun omonatchilar mablag‘laridan ko‘ra o‘z kapitali, aksionerlar pullaridan ko‘proq foydalanishga majbur qiladi. Deymizki, „Biz buni riskli deb hisoblaymiz, agar tavakkal qilmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, pul qo‘yuvilar mablag‘lari emas, balki o‘z pullaringiz hisobidan tavakkal qilavering“. Bu biz bosqichma-bosqich o‘tishni istagan yondashuvdir», — dedi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari.

«Avtokreditlar — monomahsulot, barcha banklar ommaviy ravishda faqat avtokreditlash bilan shug‘ullanishni boshladi. Ular risk-menejmentning tayanch qoidalarini buzishni boshladi. Bu barcha tuxumni bir savatga solishga o‘xshaydi. Bizda esa teskarisi. Albatta, bank alohida holatda boshqa banklarning hajmlarini ko‘rmaydi. Ehtimol, u mening bir oz ko‘proq [avtokredit berishimning] qo‘rqadigan joyi yo‘q, deb o‘ylar. Shunday bo‘ldiki, ayrim banklar chakana kredit portfelining yarmidan ko‘prog‘ini avtokreditlashga yo‘naltirdi. Masala avtokreditlashda emas, diqqatning bitta mahsulotga qaratilishida — bu «ko‘pik"ka olib kelishi mumkin. U yorilsa, ko‘plab kreditlar defoltga aylanishiga, banklar, ular ortidan omonatchilarning ko‘p miqdorda pul yo‘qotishiga olib kelishi mumkin», — deya izoh berdi u.

MB raisining birinchi o‘rinbosari boshqaruvchining vazifasi — omonatchilar mablag‘larining saqlanishini ta’minlashdan iborat ekanini eslatib o‘tdi.