Chirchiqdagi uyda sodir bo‘lgan yong‘inda to‘rt kishi, jumladan ikki bola halok bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

27 mart kuni 00:29 da Toshkent viloyati YONB Kuch va vositalarni boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga Chirchiqdagi Mashar ko‘chasida joylashgan 17-uyda yong‘in chiqqani to‘g‘risidagi xabar kelib tushadi.

Yong‘inni bartaraf etish uchun oltita o‘t o‘chirish mashinasi yuboriladi. Ekipaj hodisa joyiga yetib borganda uy ochiq olov ichida qolgan edi. 1:20 da olov yo‘li to‘silib, 1:58 da to‘liq o‘chiriladi. Yong‘in natijasida tomning qurilish konstruksiyasi va 200 kv m maydondagi mol-mulklarga zarar yetdi (100 kv. m maydon saqlab qolindi).

Uyda istiqomat qilgan sakkiz kishilik oilaning to‘rt a’zosi: 33 yoshli erkak kishi, uning turmush o‘rtog‘i hamda 8 va 12 yoshdagi qizlari vafot etdi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda, yong‘in sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlashtirilmoqda.