27, 28 va 29-mart kunlari Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlarining jangovar shayligi to‘satdan tekshirilishi munosabati bilan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi — Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari avtomobil yo‘llarida harbiy texnikalarning harakatlanishi kutilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Mudofaa vazirligi rahbariyati mamlakat fuqarolaridan avtoyo‘llarda baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida harakatdagi kolonnaga xalal bermaslik, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish hamda yo‘l-patrul xizmatlari xodimlarining talablariga so‘zsiz rioya qilishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabrida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini to‘satdan kompleks tekshirish jarayonida Shahrisabz-Qarshi avtomobil yo‘lida “Lacetti” avtomobili va ZIL-131 harbiy yuk mashinasi to‘qnashib ketgan edi. Hodisa natijasida uch kishi halok bo‘ldi, “Lacetti” avtomobilining bir yo‘lovchisi jarohatlandi.