26 mart kuni ertalabdan mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘ining farmoyishiga ko‘ra Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari yuqori jangovar shaylik holatlariga keltirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini to‘satdan tekshirish rejasiga asosan, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tomonidan vazirlik bo‘linmalarining jangovar shaylik darajasi bosqichma-bosqich tarzda o‘quv sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Bu galgi tekshiruvga Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining barcha harbiy bo‘linmalari jalb etildi. O‘quv mashqlari joriy yilning 26−29 mart kunlari Qashqadaryo viloyatidagi «Muborak» va «Nuriston» poligonlarida, shuningdek, harbiy okrugning boshqa hududlarida bo‘lib o‘tadi.

Tekshiruvlarning asosiy maqsadi — bo‘linmalarning jangovar shayligi va jipsligini tahlil qilish va baholash, harbiy qismlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarning o‘quv-jangovar vazifalarni bajara olishga tayyorgarligini nazoratdan o‘tkazishdan iborat.

To‘satdan tekshiruvning birinchi kuni yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilgan bo‘linmalarning belgilangan hamda notanish hududlarga harakatlanishi va olib o‘tilishi masalalari amalda bajarildi. Shunday qilib, ba’zi bo‘linmalarning shaxsiy tarkibi Havo xujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarining harbiy aviatsiyasi yordamida havo orqali olib o‘tilishi ta’minlandi. Qolgan bo‘linmalar shtatdagi harbiy texnikalarda uzoq masofalarga marsh uyushtirdi.

Sinov davomida bo‘linmalar bilan uzluksiz va doimiy boshqaruvni tashkil etishga asosiy e’tibor qaratilyapti. Xavfsizlik talablariga, harbiy texnika va qurol-aslahalarning soz va shayligiga qat’iy rioya qilinyapti.

Ushbu tadbirlarda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilarning barqaror axloqiy-ruhiy holati qo‘yilayotgan o‘quv-jangovar vazifalarni sifatli bajarishga imkon yaratyapti, deyiladi xabarda.

Majmuaviy tekshiruvlarda Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining hududiy bo‘linmalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining ko‘rsatmasiga muvofiq, 2018 yilning noyabr oyida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligi birinchi marta keng ko‘lamli to‘satdan tekshiruvdan o‘tkazilgan edi.

Foto