19 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda yosh avlod o‘rtasida kitob o‘qishni targ‘ib qilish masalasi muhokama qilingan edi. Davlat rahbari rahbarlarga o‘z shaxsiy kutubxonasidan joylardagi maktablarga kitoblar sovg‘a qilishni taklif etdi. Bosh vazir Abdulla Aripov kolleksiyasidan 82 dona kitobni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-maktabga tortiq qildi, tashabbusni boshqa rahbarlar ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

«Gazeta.uz» turli darajadagi rahbarlarga har kimga o‘qishni tavsiya etadigan 10 kitob haqida so‘zlab berishni so‘radi. Mamlakat bosh prokurori Otabek Murodov uning hayotiga ta’sir qilgan 10 asar nomini sanab o‘tdi.

  • «Menkim, sohibqiron — jahongir Temur», Marsel Brion
  • «Qiyomat», Chingiz Aytmatov
  • «Kapital jumbog‘i», Ernando de Soto
  • «Iqtisodiy qotilning iqrori», Jon Perkins
  • «O‘tkan kunlar», Abdulla Qodiriy
  • «Azizim», Gi de Mopassan
  • Jek London hikoyalari
  • «Tom Soyer va Geklberri Finning sarguzashtlari», Mark Tven
  • Eduard Topol detektivlari
  • «Sherlok Xolms haqida hikoyalar», Artur Konan Doyl

«Har bir kitob shaxsiyatimning shakllanishida o‘z izini qoldirgan. Masalan, detektivlar kasb tanlash — tergovchi bo‘lishimga turtki berdi. Abdulla Qodiriyning „O‘tkan kunlar“ asari — adolat hamisha g‘alaba qozonadi, degan qat’iy pozitsiyani shakllantirdi. Chingiz Aytmatov esa hayot falsafasini tanlash — har qanday vaziyatda ham inson bo‘lib qolishga yordamlashdi», — dedi Otabek Murodov «Gazeta.uz"ga.

Yaqin kunlarda bosh prokuror o‘zi o‘qigan Shahrisabzdagi maktabga shaxsiy kutubxonasidagi 100 dan ortiq kitobni sovg‘a qilishni mo‘ljallamoqda.