AQSH Mehnat vazirligi o‘zbek paxtasini AQSH federal organlariga majburiy mehnat yoki bolalar mehnatidan foydalanib tayyorlangan tovarlarni sotib olishni taqiqlovchi prezident aktining 13126-sonli ijro buyrug‘i ro‘yxatidan chiqardi.

Bu haqdagi ma’lumot 25 mart kuni vazirlikning Xalqaro mehnat masalalari byurosi tomonidan e’lon qilindi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta ro‘yxatga 2009 yilda kiritilgan edi.

O‘zbek paxtasini ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi masala Amerika mahkamasi tashabbusi bilan o‘tgan yilning iyulida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Vazirlik Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi, Mehnatkashlar huquqlari uchun xalqaro forum (ILRF, Cotton Campaign tarkibidagi tashkilot) hamda O‘zbekiston hukumati va mamlakatning Vashingtondagi diplomatik missiyasi rasmiy izohlarini hisobga oldi.

2018 yil sentyabrida AQSH Mehnat vazirligi o‘zbek paxtasini bolalar mehnatidan foydalanib tayyorlangan mahsulotlar ro‘yxatidan (TVPRA ro‘yxati) chiqargan edi. TVPRA ro‘yxatidan ko‘zlangan maqsad — xorijiy mamlakatlarda mahsulotlarni ishlab chiqarishda majburiy va bolalar mehnatidan foydalanish ustidan monitorini faollashtirish va unga barham berishdan iborat.