Ayni paytda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi tomonidan sinov tariqasida metro bekatlarida bepul, tezligi 512 Kbit/s bo‘lgan Wi-Fi o‘rnatilgan (ichki resursida).

Hozirgi kunda «Alisher Navoyi» va «Paxtakor» bekatlarida ushbu tizim faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur xizmatdan har qanday O‘zbekiston Respublikasining uyali aloqa operatorining abonentlari bo‘lgan yo‘lovchilar avtorizatsiyadan o‘tgandan keyin (SMS-kodi orqali) foydalanishi mumkin.

Ayni paytda poytaxtdagi barcha metro bekatlarida internetga bepul Wi-Fi texnologiyasi orqali ulanishni kengaytirish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Mazkur loyiha «Independent Telecom innovations» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar berdi.

Yana bir e’tiborga molik jihat, sinov tariqasida «Bodomzor» va «Mustaqillik maydoni» bekatlarida joriy qilingan elektron to‘lovlar tizimi boshqa bekatlarda ham keng joriy qilinadi. Unda zamonaviy avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi, ya’ni NFS dasturini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihaga ko‘ra, uyali aloqada mavjud bo‘lgan hisoblardan ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.