Birlashgan Arab Amirliklariga safar qilgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Masdar City» texnoparkiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Masdar City» zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yutuqlari asosida bunyod etilgan innovatsion shaharchadir. 600 gektarni egallagan texnopark ekologik toza hudud hisoblanib, bu yerda faqatgina muqobil energiya — quyosh batareyalari va fotoelektr qurilmalaridan foydalaniladi. Hududga avtomobillar kirishi taqiqlangan. Manzillarga haydovchisiz boshqariladigan elektr transportlarida boriladi.

Tashrif chog‘ida texnoparkning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab berildi. Aytib o‘tilganidek, bu yerda innovatsion ishlanmalar yaratish, ulardan turli sohalarda foydalanish uchun zarur ilmiy-ijodiy muhit yaratilgan. Ko‘chalarda mo‘’tadil iqlimni ta’minlab turadigan ventilyatorlar, favvora va havzalar barpo qilingan.

Shavkat Mirziyoyev quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladigan laboratoriya faoliyati bilan tanishdi. Bunday maskanlar fan-texnika yutuqlaridan unumli foydalangan holda insoniyatning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, mamlakatlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Xalifa universitetida mazkur sohada ilmiy izlanish olib borayotgan o‘zbekistonlik talaba qiz bilan suhbatlashdi. Bu yerda olgan bilim va tajribalarini mamlakatda tatbiq etib, O‘zbekistonda muqobil energetikani rivojlantirishga hissa qo‘shish muhimligini ta’kidladi.