Joriy yil 24 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarori tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblar tizimini yanada takomillashtirish va tariflarning keskin oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadidaqabul qilindi. Mazkur qaror bilan gaz ta’minotiga oid yangi tartib belgilandi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz"ning telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

Yangi tartibga ko‘ra, gaz ta’minoti birinchi navbatda maishiy iste’molchilar, oilaviy korxonalar hamda strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega iste’molchilarga yetkazib beriladi. Maishiy iste’molchilar bu maishiy ehtiyoj (ovqat tayyorlash, issiq suv va isitish) uchun tabiiy gazdan foydalanuvchi aholi hisoblanadi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, idoraviy va munitsipal uy-joy fondiga, yuridik shaxslar yotoqxonalariga va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga — aholini gaz bilan ta’minlash uchun hamda lokal qozonxonalarga- aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan tabiiy gazga maishiy ite’molchilar uchun belgilangan tarif qo‘llaniladi.

Belgilangan tariflar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi 897-sonli «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan tabiiy gaz sotish narxiga 16 noyabrdan quyidagi o‘zgarishlar kiritilgan.

1. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 8 noyabrdagi qarori ilova ro‘yxatida keltirilgan quyidagilarga 1 metr kub gaz uchun — 1000 so‘m;

1. Pishgan g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalar.

2. Ohaktosh va gips qazib oluvchi, qayta ishlovchi va ishlab chiqaruvchi korxonalar.

3. Sement ishlab chiqaruvchi korxonalar.

4. Asfalt, beton, temir beton mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar.

5. Issiqxonalar va issiqxona-parnik xo‘jaliklari.

6. Farfor va fayans mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar.

7. Restoranlar, kafelar, tantanalar o‘tkazish ob’ektlari va boshqa umumiy ovqatlanish ob’ektlari (mehmonxonalar va ularga tegishli bo‘lgan hududda joylashgan ob’ektlar bundan mustasno).

8. Gipsokarton, trotuar va keramik plita, bruschatka, keramik va sement-qumli cherepitsa, quruq qurilish qorishmalari, shuningdek, truba mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar.

2. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 8 noyabrdagi qarori ilovasidagi pishgan g‘isht, asfalt va sement ishlab chiqaruvchi (quruq usulda), energiya jihatidan samarali texnologiyalar va uskunalarni joriy etgan, yoqilg‘ining muqobil turlari (ko‘mir)dan foydalanuvchi korxonalarning «Energiyani tejash milliy kompaniyasi» AJ, «O‘zdavenergonazorat» DI, «O‘zbekneftgazinspeksiya» DI lari xulosasi mavjud bo‘lsa 1 metr kub gaz uchun — 600 so‘m;

3. «O‘zbekenergo» AJ, «O‘zkimyosanoat» AJ, byudjet tashkilotlari va barcha ulgurji iste’molchilarga 1 metr kub gaz uchun — 600 so‘m;

4. AGNKS 1 metr kub gaz uchun — 800 so‘m;

5. Maishiy iste’molchilarga1 metr kub gaz uchun:

gaz hisoblagich mavjud bo‘lganda — 320 so‘m;

gaz hisoblagich mavjud bo‘lmaganda ovqat tayyorlash va suv isitish uchun — 553 so‘m,

binoni isitish uchun — 320 so‘m;

Eslatib o‘tamiz:

6. Toshkent shahri Yunusobod tumanida tajriba tariqasida gaz hisoblagich mavjud bo‘lgan maishiy iste’molchilarga 2019 yil 1 yanvaridan 5 oylik qish mavsumida xar bitta iste’molchiga — 1000 kub metr, boshqa oylarda — 250 kub metr ijtimoiy norma belgilangan. Ijtimoiy normadan ortiqcha iste’mol qilgan hajm uchun — 1,2 koeffitsiyent belgilangan. 1 metr kub gaz uchun — (320 so‘m*1,2) = 384 so‘m.