1 iyuldan O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga to‘rttagacha o‘rindiqli yengi avtomobillarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu haqdagi prezident qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Loyihada qayd etilishicha, buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, elektron platforma orqali operator bilan shartnoma tuzish talab qilinadi. Avvalroq prezident qarori bilan yo‘nalishli taksi mashinalari uchun 1 iyuldan kuzovni to‘liq bo‘yash o‘rniga yopishtiriluvchi materiallardan foydalanishga ijozat berilgan edi. Yangi hujjatda esa avtomobilni to‘liq bo‘yamasdan, faqatgina yon tomonlari, old kapoti va yukxona ustiga sariq fondagi shaxmat kompozitsiyali belgilarni yopishtirish taklif qilinmoqda. bunday mashinalar uchun maxsus raqam belgilari talab qilinmaydi.

Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi YATTlarga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini eng kam ish haqining 3 baravari etib belgilash taklif qilinmoqda.

Shuningdek, yo‘nalishli taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi YATTlar uchun quyidagi majburiyatlarni belgilash taklif etilmoqda:

  • ichki va tashqi bezaklar va ekipirovkalarga bo‘lgan talablarga rioya etish, yo‘nalishni taksilarning yagona farqlovchi belgilari bilan ta’minlash (maxsus raqam belgilaridan tashqari);
  • buyurtmalarni hisobga olish funksiyasi bo‘lgan maxsus ilova, to‘lov terminallari, taksometr, radioaloqa vositasidan foydalanish va yo‘lovchilarga yo‘l haqi to‘g‘risida majburiy ma’lumot berish;
  • yo‘nalishga chiqishdan avval maxsus reysdan oldingi ko‘rik shoxobchalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tish va avtomobilni texnik ko‘rikdan o‘tkazish (tartiblar Transport vazirligi tomonidan o‘rnatilgan).

Yo‘nalishli taksi sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan yengil avtomobillarning ijara shartnomasini notarial tasdiqlatish to‘g‘risidagi talabni bekor qilish taklif etilmoqda.

Hujjatda operatorlar — taksi mijozlarini topish bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun majburiyatlar ham sanab o‘tilgan.