2019 yil 20 mart kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ayni paytgacha ko‘chmas mulkning barcha oldi-sotdi shartnomalari notarial tartibda tasdiqlanishi lozim edi. Endi hammasi bevosita ko‘chmas mulk ob’ektiga bog‘liq, deyiladi Norma.uz xabarida.

Kvartira, uy yoki ularning qismlari, shuningdek mulkiy kompleks sifatida umuman korxonaning oldi-sotdi bitimlarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi saqlanib qoldi. Tegishlicha, agar yer uchastkalari, binolar, inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlari sotilsa, notarius huzuriga borish shart emas.

Quyidagi jihatlarga e’tibor qaratamiz:

birinchidan, majburiy notarial tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun talabi bekor qilindi, biroq istalgan taraflardan biri avvalgidek uning notarial shakliga rioya etilishini talab qilishi mumkin;

ikkinchidan, istalgan ko‘chmas mulk ob’ektiga, hatto notarius tomonidan tasdiqlanmagan bitimlar bo‘yicha mulk huquqining o‘tishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Eslatib o‘tamiz, mulk huquqi yuzaga kelgan (o‘tgan) kundan boshlab bir oy mobaynida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilish lozim. Iyun oyidan boshlab ushbu muddatni buzganlik uchun jarima sola boshlaydilar;

uchinchidan, Fuqarolik kodeksida faqat ko‘chmas mulk ob’ekti turiga qarab notarial tartibda tasdiqlash majburiyligi belgilandi. Biroq Qonunchilik palatasida tuzatishlarni muhokama qilish jarayonida faqat yuridik shaxslarga tegishli ko‘chmas mulkni majburiy tartibda tasdiqlash bekor qilinishi haqida so‘z yuritilgan edi.

Ehtimol, qonun loyihasining ushbu qismiga keyinroq Senatda tuzatish kiritilgandir, biroq bitim sub’ektlari tarkibiga (yuridik, jismoniy shaxslar) doir shartlarga qonunosti va idoraviy hujjatlar darajasida ham aniqlik kiritilishi mumkin. Misol uchun, Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga tegishli tuzatishlar kiritilishi kerak.