Rossiyaning «EKO-kultura» agrosanoat xoldingi 2019−2022 yillarda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida issiqxona majmuasini barpo etadi. Loyihaning umumiy qiymati 300 mln yevrodan ziyodroqni tashkil etadi, deya xabar qildi «O‘zbekoziqovqatxolding» matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, loyihaning birinchi bosqichida avgustda 50 gektarlik maydonda pomidor yetishtirish bo‘yicha yuqori texnologiyali issiqxona qurishga 40 mln yevroga yaqin mablag‘ sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda. ASP ASIA xorijiy injiniring kompaniyasi loyihaning bosh pudratchisi hisoblanadi.

Kelgusi uch yilda 300 gektardan ortiqroq maydonda 3,2 mln kv m issiqxonani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. «Kompaniya bir gektar maydondan Rossiyaning yirik savdo tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun yiliga 400 tonnadan ortiq pomidor hosilini olishni rejalashtirmoqda», — deya qayd etdi matbuot xizmati.

«EKO-kultura» o‘zining Stavropol o‘lkasidagi ishlab chiqarish majmuasi bazasida o‘zining sinov loyihasi uchun malakali kadrlarni tayyorlash uchun maxsus o‘quv-tajriba kursini tayyorlab qo‘ydi, deya qo‘shimcha qildi «O‘zbekoziqovqatxolding».