Hukumatning qarori bilan 2019 yil 25 mart kuniO‘zbekiston Respublikasiga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, ish beruvchilar O‘zbekistonga xorijdan ishchi kuchini bir yillik ruxsatnoma olib jalb etishi mumkin.

Chet el fuqarolari esa O‘zbekiston hududida tasdiqnoma olgan holda mehnat qiladi.

Ruxsatnoma va tasdiqnoma olish uchun ish beruvchi Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki elektron ruxsatnoma uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yoki ruxsatnoma berish uchun mo‘ljallangan maxsus onlayn-maydonchada ro‘yxatdan o‘tadi.

Ruxsatnoma olish uchun elektron so‘rovnoma to‘ldiriladi hamda unga ish beruvchining pasport nusxasi ilova qilinadi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.

Arizani ko‘rib chiqqanlik uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari (202 ming 730 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

O‘zi kelib murojaat etilganda Davlat xizmatlari markazi bir soatda arizani Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yuboradi.

Agentlik 5 ish kunida ruxsatnoma berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va ish beruvchini xabardor qiladi.

Ruxsatnomani olish uchun ish beruvchi besh ish kunida eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida (10 mln 130 ming 500 so‘m) yig‘imni to‘lashi lozim.

Agentlik yig‘im undirilganidan so‘ng bir ish kunida ruxsatnomani rasmiylashtiradi va uni ish beruvchiga yuboradi.

Tasdiqnoma olish uchun so‘rovnomaga chet el fuqarosi haqidagi barcha ma’lumotlar ilova qilinadi.

Ariza bir soatda agentlikka va hududiy mehnat organiga yuboriladi.

Hududiy mehnat organi besh ish kunida Agentlikka chet el fuqarosini jalb qilish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi haqida xulosa beradi.

Agentlik o‘n besh ish kunida tasdiqnoma berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Ish beruvchi tasdiqnomani olish uchun 5 ish kunida quyidagi miqdorlarda to‘lov to‘laydi:

vatandoshlar uchun, yuqori malakali va malakali mutaxassislar, Prezident maktablari va oliy o‘quv yurtlarida ishlash uchun jalb etilayotgan o‘qituvchilar va mutaxassislar uchun — eng kam ish haqining 2 baravari (405 ming 460 so‘m) miqdorida;

boshqa chet el fuqarolari uchun — eng kam ish haqining o‘ttiz baravari (6 mln 81 ming so‘m) miqdorida.

To‘lov to‘langanidan so‘ng bir ish kunida tasdiqnoma rasmiylashtiriladi va ish beruvchiga yuboriladi.