Bugun — 26 mart kuni Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning navbatdagi ommaviy sayyor qabuli Urgut tumanida o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligining rasmiy saytida xabar berildi.

Sayyor qabulda viloyat hokimi bilan birga uchta sektor rahbari, viloyatdagi boshqarma va idoralar boshliqlari hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Sayyor qabulda 330 nafar fuqaroning murojaatlari qayd etildi. Barcha masalalar birma-bir tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirildi. Murojaatlarning aksariyatini suv, elektr ta’minoti, yo‘l, tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalari tashkil etdi.

Sayyor qabulda mas’ullarga topshirilgan masalalarning ijrosi 1 aprel kuni muhokama etilishi belgilandi.

Shuningdek, qabul chog‘ida hududda mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, fuqarolarga tumandagi 11 ta korxonada mavjud 195 ta bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.

Tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari esa shu yerning o‘zida 74 nafar fuqaroga turli davlat xizmatlarini ko‘rsatdi. Jumladan, 31 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joy binosiga egalik huquqi tasdiqlandi. 12 nafar murojaatchining farzandlariga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi.

Erkinjon Turdimov 28 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida, 30 mart kuni esa Qo‘shrabot tumanida ommaviy sayyor qabullar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.