Qonliko‘l tumanida Sh. Kengesbayev (1995 yilda tug‘ilgan) boshqaga turmushga chiqqan sobiq sevgilisi D.Koptleuva (1998) va o‘zini pichoqladi. Hodisa 1 mart kuni soat 19:30 larda «Beshko‘pir» OFY hududida joylashgan «Yeshimaxun» kabristonida sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, yigit dastlab sevgilisiga oshxona pichog‘i bilan bir necha marotaba tan jarohati yetkazgan. So‘ngra o‘zining qorin qismiga bir necha marotaba urib, bo‘yin va bilak qon tomirlarini kesgan va akasi A.Abdimuratovga qo‘ng‘iroq qilib, holat haqida xabar bergan.

Suiqasd natijasida D.Koptleuova tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinayotganda vafot etgan, Sh. Kengesbayev jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan 1 mart kuni Qonliko‘l tuman prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari Qoraqalpog‘iston prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Jinoyat ishi bo‘yicha 16 mart kuni Sh. Kengesbayev gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Qonliko‘l tuman sudining ajrimi bilan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ish bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilingan A.Abdimuratov 1 mart kuni soat 19:40 larda qo‘ng‘iroq qilib, akasining o‘g‘li Shinbergen unga: «Arslon aka meni kechiring, qizni pichoqlab qo‘ydim. Ikkalamizni shu yerga ko‘ming», — deb aytganligi haqida ko‘rsatma bergan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida so‘roq qilingan Sh. Kengesbayev o‘z ko‘rsatuvida 2016 yildan buyon D.Koptleuova bilan gaplashib, sevishib yurganini ma’lum qilgan. U 2019 yil yanvar oyida Toshkent shahriga ishlash uchun ketib, 27 fevral kuni qaytib keladi. D.Koptleuova bilan telefon orqali gaplashganida, uning Qonliko‘l tumanida yashovchi S.Kuralbayevga turmushga chiqqanini eshitib, jahli chiqadi.

1 mart kuni D.Koptleuova Nukus shahridan Qonliko‘l tumaniga kelganida uni kutib oladi va birgalikda Qo‘ng‘irot tumaniga borib, bozordan yangi pichoq sotib oladi. So‘ngra ikkisi o‘z jonlariga qasd qilish maqsadida birgalikda Qonliko‘l tumani «Beshko‘pir» OFY Joliy qishlog‘i xududidagi «Yeshimoxun» qabristoniga boradi. Yigitning aytishicha, avvaliga D.Koptleuova o‘ziga o‘zi pichoq uradi. Bu vaqtda u ko‘zini yumib turadi. Shundan so‘ng uning qo‘lidan pichoqni olib, o‘ziga uradi.

Ayni vaqtda ish bo‘yicha sud kriminalistika, daktiloskopiya, biologiya, statsionar psixiatriya ekspertizalari tayinlangan.