O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Anjumanda xalq ta’limi tizimida o‘qituvchilarning mavqeini oshirish, qog‘ozbozlikni kamaytirish, qo‘shimcha pedagogik yuklamalarni tartibga solish, o‘qituvchilarga tegishli shart-sharoitlarni yaratish kabi masalalar xususida so‘z bormoqda.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, sohaga 13 mingdan ortiq erkak o‘qituvchi qaytdi. Shuningdek, 37 mingdan ortiq oliy ma’lumotli mutaxassis o‘z sohasi bo‘yicha ishga qaytganini e’tirof etdi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi joylashtirilgan.

Ushbu qonunning maqsadi o‘qituvchilik faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va o‘qituvchilarning huquqiy maqomini to‘liq ifodalashni nazarda tutadi. Shuningdek, uning kasbiy faoliyati, ijtimoiy-iqtisodiy mavqei, ijtimoiy himoya kafolatlarini joriy etishni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.