O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida qimmatbaho metallar bo‘yicha birinchi kelishuv tuzildi, deya xabar qildi birja matbuot xizmati. Qimmatbaho metallar Olmaliq kon-metallurgiya kombinati omborlaridan yetkazib beriladi.

18−20 mart kunlari bo‘lib o‘tgan savdolarda 46,5 kg kumush 192,6 mln so‘mga sotildi. Kumushning haftalik birja kotirovkasi 1 gr uchun 4142,56 so‘mni tashkil etdi. Savdolarda kumushni qayta ishlash quvvatlariga ega sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari ishtirok etdi. Birja savdolarida sotilgan qimmatbaho metallar eksportga chiqarishga mo‘ljallanmagan.

Hozirda ichki birja bozorida 500 gr dan bo‘lgan Ag-1 markali kumush va 100 gr og‘irlikdagi Au-1 markali oltin yombilari sotuvga chiqarilgan.

Kuniga 15,5 ming gr kumush va 2,6 ming gr oltin savdolarga chiqarilmoqda. Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich bahosi London qimmatbaho metallar assotsiatsiyasining ertalabki so‘nggi fiksingi asosida O‘zbekiston milliy valyutasida belgilanmoqda.

Qimmatbaho metallarni savdo birjasida sotish tartiblari to‘g‘risidagi nizom mart boshida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan edi.