«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postida tilla va zargarlik buyumlarini bojxona chegaralari orqali olib o‘tish bilan bog‘liq bir necha bojxona qoidabuzarliklari o‘z vaqtida aniqlanib, qonunbuzarlarga nisabatan kerakli choralar ko‘rildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, O‘zbekistondan, qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan fuqaro D.D.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi. Natijada, fuqaro xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, jami og‘irligi 211 gramm bo‘lgan 63,3 million so‘mlik sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlarini qo‘shni davlatga yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lganida to‘xtatib qolindi.

Aynan shu kunning o‘zidayoq, fuqaro M.M.ning ham kirdikori fosh bo‘ldi. Ya’ni u xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, jami og‘irligi 206 gramm sariq metalldan yasalgan, qiymati 61,8 million so‘mlik turli-tuman zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tayotganligi aniqlandi.

Fuqaro T.D.ning nayrangi ham «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan o‘z vaqtida aniqlandi. Fuqaro xolislar ishtirokida belgilangan tartibdagi shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, jami og‘irligi 213 gramm sariq metalldan yasalgan, qiymati 63,9 million so‘mlik zargarlik buyumlarini yuklari orasida yashirincha olib o‘tishga bo‘lgan urinishi naf bermadi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.