O‘zbekiston Prezidenti xalq qabulxonasi tomonidan poytaxtda tashkil etilgan ommaviy qabul jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodovning shaxsiy qabuli tashkil etildi.

Bosh prokuror qabuliga kirgan O‘zbekiston karate federatsiyasining sobiq rahbari Nurxon Nafasov karateni rivojlantirish uchun qilgan xizmatlari haqida to‘xtalib o‘tishi barobarida o‘ziga nisbatan qasddan ayb uyushtirilgani, joyi kerak bo‘lgani uchun uni qator muammolarga duchor qilishganini ma’lum qilib, nohaq ayblovlardan qutilishda yordam so‘radi.

O‘z navbatida, huquqiy idoralar xulosasi bo‘lmay turib uning sha’nini yerga urish maqsadida tarqatilgan ayblovlarga nisbatan Bosh prokuratura o‘z vaqtida munosabat bildirgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Ushbu masalani Bosh prokuror o‘z nazoratiga olib, ishga aloqador barcha holatlarni tekshirib, huquqiy baho berilishini ma’lum qildi.

Uyi olib qo‘yilgan, yeridan mahrum bo‘lib qolgan, korxonasidan ayrilgan, biznesidan judo bo‘lgan o‘nlab kishilar huquqlarini tiklashda amaliy yordam so‘radi. Bularning bari, albatta, alohida o‘rganish talab qiladigan, tekshiruv o‘tkazilishi shart bo‘lgan masalalar hisoblanadi. Shuning uchun barchasi nazoratga olinib, tegishli mas’ul shaxslarga qonuniy hal qilish uchun topshirildi.

«Bugungi qabulda odamlar asosan qanday shikoyatlar bilan kelgan, ular ko‘proq nimadan norozi?» degan savolga bosh prokuror: «Bugungi qabulga shikoyat ko‘tarib kelgan fuqarolarning 90 foizi suddan norozi», deb javob berdi.

«Shikoyatchilarning hammasi ham haqmikin?», degan savolga esa, u «Albatta, hammasi haq, deya olmaymiz», deb javob berdi.

Qabul davomida prokuratura organlarida ishlayotgan, lekin qonun normalaridan, etika qoidalaridan chetga chiqayotgan ayrim xodimlar bo‘yicha shikoyatlar tushdi. Bunday faktlar Bosh prokurorni qattiq xafa qilgani uning bunday xodimlar shaxsini zudlik bilan aniqlash, xizmat tekshiruvi o‘tkazish va qat’iy chora ko‘rish bo‘yicha shu yerning o‘zida buyruq berganidan anglash qiyin emas edi.