Farg‘ona viloyati markazida yaqinda qad rostlagan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan «LISTEM-FERGANA» mas’uliyati cheklangan jamiyatida tibbiyot sohasi uchun zarur bo‘lgan 8 turdagi rentgen asbob-uskunalari tayyorlanmoqda. Bu haqda «Farg‘ona haqiqati» gazetasi saytida xabar berildi.

Janubiy Koreya hamkorligidagi mazkur qo‘shma korxonada 5 million AQSH dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu yerda yiliga 500 donagacha rentgen jihozlari ishlab chiqariladi. Yil yakuniga qadar 100 ta ishchi o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugun 35 nafar farg‘onalik bandligi ta’minlandi.

Navro‘zning kunlarida yangi qo‘shma korxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shuhrat G‘aniyev «LISTEM-FERGANA» qo‘shma korxonasi mahsulotlari «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» brendi ostida eskportga yo‘naltirilishi, mamlakat sanoati rivojiga katta hissa qo‘shishi bilan ahamiyatli bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Kelajakda korxonada yillik ishlab chiqarish quvvatini 900 donaga yetkazish salohiyati mavjud.