Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Toshkent halqaro aeroporti orqali O‘zbekistonga narkotik moddalarni olib kirishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xorijdan Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelgan fuqaro Z.Q. (ism shariflari o‘zgartirilgan) «yashil» yo‘lakdan harakatlanish chog‘ida to‘xtatilib, belgilangan tartibda xolislar ishtirokida bojxona nazoratdan o‘tkazildi.

Natijada, uning yuklari orasida 34 dona rangsiz paketchalarga qadoqlangan holda shokolad qutisiga solingan, to‘q jigarrangli, o‘ziga hos o‘tkir hidga ega, shubhali moddalar borligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu fuqarodan ashyoviy dalil sifatida olingan moddalar vazni 200,75 grammni tashkil etuvchi opiy giyohvandlik vositasi ekanligini tasdiqladi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.