O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumani Kakaydi qishlog‘ida joylashgan 5-maktabga o‘z shaxsiy kutubxonasidan 82 ta kitob sovg‘a qildi. Bu haqda ta’lim muassasasidan «Gazeta.uz"g ma’lum qilindi.

Hukumat rahbari maktabga 23 mart kuni tashrif buyurdi. Tashrif vaqtida u maktab xodimlaridan biriga O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Xojiyevaning asarini tortiq qildi.

Bosh vazir sovg‘a qilgan kitoblar kolleksiyasidan, jumladan, Chingiz Aytmatov, Tohir Malik, Xurshid Davron asarlari ham o‘rin olgan.

19 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yosh avlod o‘rtasida kitob mutolaasini targ‘ib qilish masalasi ko‘tarilgan edi.

«Barcha rahbarlar… bosh vazirdan boshlab, tumanlar rahbarlari, barcha deputatlar, kelinglar, o‘zimiz tashabbus ko‘rsataylik va o‘zimiz o‘qigan tumandagi maktablarga 10−20 tadan kitob sovg‘a qilaylik. Hamma ham kitob o‘qiyvermaydi, biroq yoshlarimizga ular kerak», — dedi davlat rahbari.