O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlikni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshiriladi, deya xabar qildi Jahon banki (JB) matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. JB guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzi 200 mln dollarni tashkil etadi.

Loyiha doirasida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishga texnik ko‘mak ko‘rsatish va kreditlar ajratiladi. Qishloq joylaridagi tadbirkorlarga ishlab chiqarish va sotish zanjirlarini yo‘lga qo‘yishga yordamlashish hamda hududdagi shahar va tumanlar, shuningdek O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa iqtisodiy markazlaridagi bozorlarga yo‘l ochish ko‘zda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, hunarmandchilik, qishloq joylarda aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatish, turizm, kichik hajmdagi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar loyiha ko‘magidan foydalanishi mumkin.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Morining ta’kidlashicha, Farg‘ona vodiysida hozirda 49 mingga yaqin mikro va kichik firmalar hamda 84 ming xususiy fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda. JB loyihasi ular biznesining kengayishi, daromadlilik darajasining ortishi va mahalliy tadbirkorlar sa’y-harakatlari bilan 20 mingtagacha yangi ish o‘rinlarini ochish imkonini beradi.

JB ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistondagi mehnatga layoqatli shaxslarning 78 foizi mikro va kichik korxonalarda ishlagan bo‘lsa, 27 foiz fuqarolar qishloq xo‘jaligi bilan band bo‘lgan. Mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik sektori mamlakat YAIMning 50 foizga yaqinini tashkil etadi.

Loyihani amalga oshirish uchun Farg‘ona vodiysining tanlanishiga sabablardan biri aholi zichligi — bu yerda 10 millionga yaqin kishi yoki mamlakat aholisining taxminan 30 foizi istiqomat qiladi. Mamlakatdagi kam ta’minlangan fuqarolarning 25 foizi ham ushbu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jahon banki O‘zbekistonda umumiy qiymati 3,4 mlrd dollarlik 19 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ular makroiqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shahar xo‘jaligi, suv ta’minoti va sanitariya sektorlarini yaxshilashga qaratilgan.