Xorazm viloyati, Shovot tumanining Turkmaniston Respublikasi bilan chegarasi hududiga yaqin joyda joylashgan, «Usta hunarmand» mahallasida yashovchi fuqarolarning uy hayvonlariga 7 mart kunidan boshlab yovvoyi it hujum qilib kelayotganligi aniqlangan, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Shovot tuman IIB tomonidan olib borilgan surishtiruv davomida ushbu yovvoyi it 2019 yil mart oyining boshidan buyon Turkmaniston chegarachilari tomonidan chegaradagi betaraf hududni qamishzorlardan tozalash maqsadida o‘t qo‘yilishi natijasida qamishzorlar orasida yashab kelgan yovvoyi itlar Shovot tuman hududiga o‘tib, fuqarolarning qarovsiz qoldirilgan uy hayvonlariga hujum qilayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Jumladan, joriy yilning mart oyi boshidan buyon mazkur yovvoyi itlar fuqaro D.Kurbanovning bir bosh echkisiga, fuqaro A.Karimovning bir bosh qo‘yiga, fuqaro M.Quryazovning bir bosh qo‘yiga hujum qilib jarohat yetkazib nobud qilgan.

Ushbu yovvoyi itlarga fuqaro R.Sabirov tomonidan qo‘lbola usulda yasalgan temir qopqon qo‘yilishi natijasida yil 16 mart kuni tungi soat 03:00 larda yovvoyi itlardan bittasi qopqonga tushib o‘lgan. Qopqonga tushirilib o‘ldirilgan yovvoyi itning rangi qoramtir kulrang.

Fuqaro R.Sabirov ushbu yovvoyi itni qopqonga tushirgan vaqtida ular ikkita bo‘lgan, hayvonlarning ikkinchisi oq rangda bo‘lib, qochib ketganligini bildirgan.

Hozirgi kunda yuqoridagi holat yuzasidan tuman IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, shuningdek viloyat ovchilar va baliqchilar jamiyat tomonidan mazkur yovvoyi itlarni ovlash choralari ko‘rilmoqda.