Hukumatning 2019 yil 20 martdagi qarori bilan «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, ko‘krak nishoni bilan O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan fuqarolar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar har yili 1 oktyabrga qadar hududiy madaniyat boshqarmalariga taqdim etiladi.

Madaniyat vazirligi nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqib, har yili 1 dekabrga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa chiqaradi.

Ko‘krak nishoni yangi yil bayrami arafasida madaniyat vaziri tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi.