O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi 23 mart kuni oliy ta’lim muassasalari ilmiy jurnallari platformasini yaratish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Loyihaga ko‘ra, Elsevier kompaniyasi respublikadagi oliy ta’lim muassasalarining 41 ta ilmiy jurnalini o‘zida birlashtirgan noyob platformani yaratadi. Bu platformada xolisona taqriz tizimi konfiguratsiyasi (double-blind peer review) qo‘llaniladi, bunda ilmiy maqolalar mualliflari hamda taqrizchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiy saqlanadi.

Yel va Stenford universitetlari foydalanib kelayotgan platforma O‘zbekiston ilmiy jurnallari sifatini oshirish hamda o‘zbek ilm-fanining raqamli arxivini yaratish imkonini beradi.

Hamkorlik doirasida ilmiy jurnallar muharrirlarini tayyorlash, muvofiqlashtirish va sertifikatlash ishlari olib boriladi. Nashrlarning dizayni va logotipi ishlab chiqiladi, ISSN talab qilinadigan ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshiriladi hamda xalqaro talablar darajasida ilmiy maqolalar raqamlashgan arxivi yaratiladi.