24 mart kuni Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan birinchi Toshkent xalqaro yarim marafoni o‘tkazildi. «Gazeta.uz» muxbiri poytaxtda o‘tgan asosiy yugurish musobaqasining eng yorqin lahzalarini tasvirlarga muhrladi.

Musobaqa ishtirokchilari 21,097 km (yarim marafon) va 5 km masofaga yugurdi. Mazkur musobaqa uchun mo‘ljallangan trassa Xalqaro yengil atletika assotsiatsiyasi IAAF hamda Xalqaro marafonlar va yugurishlar assotsiatsiyasi AIMS tomonidan sertifikatlandi.

Sport tadbirida ishtirok etish uchun 28 davlat, jumladan Avstriya, Belgiya, Xitoy, Estoniya, Fransiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va boshqa mamlakatlardan 1658 kishi (610 kishi — 21 km, 1048 kishi — 5 km) ro‘yxatdan o‘tdi.

Belgilangan vaqtda (3 soat) finish chizig‘iga yetib kelgan barcha ishtirokchilarga esdalik finishchilar medallari topshirildi. Yarim marafon g‘oliblari uchun sovrin jamg‘armasi ta’sis etildi. Yarim marafon masofasi bo‘yicha 1- dan 8- o‘ringacha o‘rinlarni qo‘lga kiritgan erkak va ayollar 3 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha miqdorda sovringa ega bo‘ldi. 5 km masofani birinchi oltilik ichida bosib o‘tganlar esa 500 ming so‘mdan 2 mln so‘mgacha miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Ayollar o‘rtasida eng yaxshi natijani qirg‘izistonlik Darya Maslova qayd etdi — 1:12:30. Ikkinchi o‘rin o‘zbekistonlik Sitora Hamidovaga nasib etdi. U 21 km masofani 1:13:56 ko‘rsatkich bilan bosib o‘tdi. Uchinchi o‘rinni esa 1:16:13 lik natija bilan O‘zbekiston vakilasi Yekaterina Tunguskova qayd etdi.

Erkaklar o‘rtasida yarim marafon finish chizig‘ini Xitoy vakili Linsyan Yan 1:04:43 natija bilan bosib o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni qirg‘izistonlik Adilet Kishtakbekov 1:05:03 vaqt ko‘rsatkichi bilan egalladi. O‘zbekistonlik Andrey Petrov esa 1:05:20 ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

5 km masofaga yugurishda O‘zbekiston vakillari g‘olib bo‘ldi. Azizaxon Mirzakbarova 0:18:56 natija bilan oltin, Shoxsanam Xurramova 0:19:03 bilan kumush va Marjona Baratova 0:19:19 natija qayd etgan holda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Erkaklar o‘rtasida 5 km ga yugurishda Otabek Toshquvvatov — 0:16:41, Xumoyun Mahmudov — 0:16:54 va Xurshid Ahmadaliyev — 0:16:57 natijasi bilan birinchi uchlikni bo‘lib oldi.

5 km masofaga yugurgan barcha ishtirokchilar natijalari

Marosimdan ko‘zlangan maqsad — sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholi o‘rtasida yugurish sportini ommalashtirish, xalqaro do‘stona aloqalarni va sport turizmini rivojlantirish, O‘zbekistonning kuchli marafonchilarini aniqlashdan iborat.

Sport tadbiri O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent hokimiyati, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yengil atletika federatsiyasi va Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Video

Foto