Xalq ta’limi vazirligi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodovning Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan 4 ta maxsus maktabdagi vaziyat yuzasidan bildirgan tanqidiy fikrlariga raddiya bildirdi.

XTVning ma’lum qilishicha, bugungi kunda respublikada alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 4 ta ta’lim muassasalari mavjud. Bular Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji va Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatidir.

Mazkur maktab-internatlariga ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining mohiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan, yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay, huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan 11−14 yoshli voyaga yetmaganlar ma’lum bir muddatga (6 oydan 3 yilgacha, to axloqan tuzalgunlariga qadar) joylashtiriladi. Tarbiyalanuvchilar axloqan tuzalganlaridan so‘ng, umumta’lim maktablarida ta’lim olishni davom ettiradi.

Xalq ta’limi tizimiga qarashli Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida jami 113 nafar tarbiyalanuvchiga 43 nafar, Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida jami 40 nafar voyaga yetmagan bolalarga 20 nafar pedagog ta’lim-tarbiya beradi.

«Ma’lumotlarda keltirilgan jumlalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, avvalo „… homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi“ qabilidagi gaplar keltirib o‘tilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, vazirlik tasarrufidagi yuqorida keltirib o‘tilgan ta’lim muassasasida 11−14 yosh qizlar tarbiyalanadi. Tarbiyalanuvchi qizlar orasida esa bu kabi holatlar qayd etilmagan», — deyiladi bayonotda.

XTVning e’tiroziga ko‘ra, Xalq ta’limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar sud ajrimi va xalq ta’limi vazirligining yo‘llanmasiga asosan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan holda qabul qilinadi. Tarbiyalanuvchilarning homiladorligi haqida tarqatilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar esa 11−14 yoshli qizlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tahqirlashga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotdagi yana bir holatga e’tibor qaratsak, «ahvol kriminal bo‘lib yotibdi, davlat byudjetidan ajratilgan pullar talon-taroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli…» deya aytib o‘tilgan.

Mazkur ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari 2018 va 2019 yillar davomida bir necha bor O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, turli tashkilot va idoralar hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish davomida ta’lim muassasasi faoliyati va tarbiyalanuvchilar tomonidan aytib o‘tilgan salbiy holatlar aniqlanmagan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 16 mart kuni «Harakatlar strategiyasi» markazida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot vaqtida «Milliy tiklanish partiyasi rahbari partiya vakillari Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan 4 ta maxsus maktabga borib vaziyatni o‘rganganini aytib o‘tgan edi.

«Ahvol kriminal bo‘lib yotibdi, davlat byudjetidan ajratilgan pullar talan-taroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli, homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi. Maktabni bitiraman, deb turgan yoshlar harf tanimaydi, o‘z ismini ham yoza olmaydi. Bu juda achinarli, vaziyatni o‘rganib boshimiz qotib qoldi. Qani bu yerda Xalq ta’lim vazirligining mas’uliyati, nega bu muammolarga yetib borishmayapti? Bu savollarga javob so‘raydigan vaqt ham keldi. Biz bu maxsus maktablardagi muammolarni hukumat, bosh vazir darajasigacha olib chiqdik, prokuratura organlari ham shug‘ullandi. Hozir biroz bo‘lsa-da vaziyat yaxshilanmoqda», degan eddi Sarvar Otamurodov.