24 mart kuni Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab Toshkent I xalqaro yarim marafoni o‘tkaziladi, deya xabar qildi O‘zA.

O‘zbekistonda ilk marotaba tashkil etilayotgan nufuzli sport anjumanida qariyb bir yarim mingga yaqin kishi qatnashish istagini bildirgan.

Avval xabar qilganimizdek, yarim marafon havaskorlar uchun 5 kilometr, professionallar uchun esa 21 kilometr masofada o‘tkaziladi. Yugurish Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasidan boshlanib, Afrosiyob, Nukus, Abdulla Qodiriy, Mustaqillik shoh ko‘chalari bo‘ylab metroning Buyuk ipak yo‘li bekatiga, keyin Mirzo Ulug‘bek, Taraqqiyot ko‘chalari orqali Amir Temur maydoni, O‘zbekiston ko‘chasi, Mustaqillik maydoni, Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chasi orqali boshlangan joyiga qadar bo‘lgan masofada bo‘lib o‘tadi.

Marafon g‘olib va sovrindorlari (1−8-o‘rinlar) 3 milliondan 12 million so‘mgacha, 5 kmlik masofada 1−6-o‘rinlar uchun 500 ming so‘mdan 2 million so‘mgacha pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Qayd etish joizki, marafon poygasining umumiy uzunligi 42 kilomertu 195 metrni tashkil qiladi. Biroq, ayni paytda poytaxtimizda marafon musobaqasini o‘tkazish uchun xalqaro talablarga javob beradigan yo‘l yoki trassa mavjud emas. Shu sababli Toshkentdagi musobaqa yarim marafon shaklida tashkil etilmoqda.