O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Hindistonning Nyu-Deli, Haydarobod shaharlarida xizmat safarida bo‘lib, qator tashkilotlar va kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Muzokaralar natijasida Hindistonning The Global Education and Leadership Foundation nodavlat notijorat jamg‘armasi bilan 7−9 sinf o‘quvchilari uchun ularning peshqadamlik va tadbirkorlik sifatlarini rivojlantirish maqsadida SKILLD ta’lim dasturini joriy etishga qaror etildi. Materiallar bepulga taqdim etilib, ular o‘zbek va rus tillariga tarjima qilinadi. O‘quvchilarni o‘qitish sifatini oshirish uchun The Global Education and Leadership Foundation, shuningdek, maktab o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari ham tashkil etadi. Joriy yilning sentyabr oyida Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda bitta davlat va bitta xususiy maktabda ushbu dasturni tajriba tariqasida joriy etiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari The Global Education and Leadership Foundation bilan hamkorlikda O‘zbekistonda Tadbirkorlik bo‘yicha global musobaqaning hududiy tanlovini o‘tkazishga kelishdilar. Tanlov g‘oliblari joriy yilning noyabr oyida Saudiya Arabistonining Er-Riyod shahrida o‘tkaziladigan shahzoda Muhammad ben Salman tomonidan tashkil etilgan Tadbirkorlik bo‘yicha global musobaqada qatnashish imkoniga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari tanlovning rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tgan barcha qatnashchilar startaplarni rivojlantirish bo‘yicha materiallardan foydalanish va video-treninglar bilan tanishishlari mumkin.

Tadbirlar grafikiga ko‘ra, hududiy tanlov o‘tkazilib, g‘oliblar may oyida aniqlanadi, iyundan sentyabrgacha startaplar mukammallashtirilib, akseleratsiya qilinadi va noyabr oyida Ar-Riyodda musobaqa finalida ishtirok etiladi. Hindiston tomoni yirik tashkilotlar, yetakchi jahon universitetlarining vakillarini spiker va jyuri sifatida ishtirok etishlarini ta’minlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi bilan birgalikda davlat va xususiy sektor, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Hindiston innovatsion forumini o‘tkazishga kelishildi. Har ikki mamlakatning olimlari, tadbirkorlari, investorlari, novatorlarini birlashtiruvchi mazkur forum O‘zbekiston-Hindiston yoshlar forumi doirasida o‘tkazilishini taklif etildi.


Bundan tashqari, yoshlarda innovatsion fikrlash tarzini shakllantirish, innovatsion g‘oyalarni loyihalashtirish va ishlab chiqish ko‘nikmalariga o‘rgatish maqsadida 5−11 sinf o‘quvchilari uchun maxsus uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan ish joylari tashkil qilish lozimligi ham muhokama etildi. Gap shundaki, Hindistonni trasnformatsiyalash milliy instituti (National Institute for Transforming India — NITI Aayog) vakili vazirlik delegatsiyasini bilan Nyu-Deli shahridagi mahalliy davlat maktabiga tashrif buyurib, ularni maktab o‘quvchilarining amaliy innovatsion g‘oyalarni yaratish va novatorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida «narsalar interneti» shaklidagi maxsus texnologiyalar va uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalarni yaratishga qaratilgan Hindiston hukumatining Atal Tinkering Lab tashabbusi bilan tanishtirdi.


Laboratoriyalar hukumat tomonidan moliyalashtiriladi, xususan har bir maktabga laboratoriya tashkil etish uchun 2 mln AQSH dollari ajratiladi. Bu mablag‘larning 15 foizi ta’mirlash ishlariga, 15 foizi zarur mebel jihozlarini xarid qilishga, 65 foizi uskunalarga, 5 foizi o‘qituvchilar va o‘quvchilarning loyihalarini moliyalashtirishga ajratiladi. Makerspace — «Ijod hududi» deb ataluvchi mazkur laboratoriyalar 6−11sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular darsdan keyin 1−2 soat vaqtlarini shu yerda o‘tkazishadi. Hindiston hududida hozirda 2 171 ta maktab laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda va yana 5400 tasini ochish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, Hindistonni transformatsiyalash milliy instituti 2015 yili Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan hukumat uchun strategik islohotlar va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish va o‘tkazish maqsadida tuzilgan. Institut tomonidan tashkil etilgan Atal Innovation Mission qo‘mitasi yakka tartibda mehnat faoliyatiga yo‘naltirilgan innovatsion xablar, startaplarni rivojlantirish uchun kattalar va bolalarga maxsus platformalar taqdim etish orqali aholi orasida innovatsiya va tadbirkorlik madaniyatini yoymoqda.

Mana shu kabi laboratoriyalarning O‘zbekistonda ham yaratilishi mamlakat innovatsion ekotizimining rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Hindistonlik hamkorlar bilan tuzilajak biznes akseleratorlar va inkubatorlar sanoat, davlat va o‘quv muassasalalari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy muammolarning yechilishiga xizmat qiladi, innovatsion ekotizimning maktablardan boshlab shakllanishi ilm-fanning turli yo‘nalishlari, ishlab chiqarish, biznes sohasi, ta’limga kadrlar yetishtirib berishning uzilmas zanjiri hosil bo‘lishiga olib keladi, deyiladi xabarda.