Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi 2019 yil 6 aprel kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tadigan OFK Kongressidagi saylovda Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi Afg‘oniston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyalari bugun 22 mart kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan CAFA kongressida Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa nomzodini yoqlab ovoz berishdi.

— 6 aprel kuni 47 ta federatsiya Osiyo Futbol Konfederatsiyasining yangi prezidentini saylash uchun ovoz berish jarayonida ishtirok etadi. Ushbu saylovlardagi nomzodlarning dasturlari bilan tanishib chiqib, bugungi kunda Osiyo futbolini nurli kelajak sari ildam yetaklaydigan munosib nomzod — Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa, degan xulosaga keldik, — dedi CAFA prezidenti Umid Ahmadjonov. — Bu kishi futbol boshqaruviga pastki bo‘g‘indan kelganligi uchun ham futbol rivoji uchun zarur bo‘lgan islohotlarni yaxshi biladi. Avvaliga o‘z mamlakati Bahrayn futbol federatsiyasi, keyinchalik Osiyo futbol konfederatsiyasi, qolaversa, FIFAning birinchi vitse-prezidenti sifatida ham juda katta islohotlarni amalga oshirdi.

Bugun Shayx Salmonning 6 yillik faoliyatiga to‘xtalib o‘tishning hojati yo‘q, chunki barchangiz uning faoliyatini 2013 yildan beri kuzatib kelayapsiz. Shulardan kelib chiqib, Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi a’zolari Shayx Salmon 2019−2023 yillar davomida ham Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti sifatida o‘z ishini davom ettirishini bir ovozdan ma’qullashlarini ma’lum qilishadi.

Ma’lumot uchun, Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa 2013 yil may oyida OFK prezidenti etib saylangandi. U o‘tgan yil sentyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan OFK ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida navbatdagi OFK prezidentligi uchun saylovda yana o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qilgandi.