Eron, Janubiy Afrika Respublikasi va XXR Gonkong maxsus ma’muriy tumani fuqarolari O‘zbekistonga kirish uchun elektron viza olish hamda O‘zbekiston hududida yashash huquqiga ega bo‘ldi.

Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 19 martdagi farmonida ko‘zda tutilgan, deya xabar qildi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati. O‘zgarish xalqaro munosabatlar rivoji, mamlakat turizm sohasi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi investitsion iqlimni yaxshilash uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilgan.

Farmon bilan Eron, JAR va Gonkong fuqarolari O‘zbekistonda ko‘chmas mulk xarid qilish sharti bilan mamlakatda yashash huquqiga ega bo‘lishadi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 400 ming dollar, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 200 ming dollar, qolgan viloyatlarda esa 100 ming dollardan boshlanuvchi ko‘chmas mulklarni sotib olgan chet el fuqarolari O‘zbekistonda yashash huquqini qo‘lga kiritadi.