Olmazor tumanidagi Qorasaroy ko‘chasidan Taraqqiyot ko‘chasi bo‘ylab to Keles yo‘li ko‘chasigacha bo‘lgan «Damashi» kanalining qirg‘oq bo‘yi hududida «Soy bo‘yi» sayilgohini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihaga muvofiq, sayilgoh hududida aholining dam olishi va sayl qilishi uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar xiyobonlar tashkil etiladi, umumiy ovqatlanish shahobchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari quriladi.

Nuroniylar uchun alohida maskan, kutubxona, dunyoga mashhur inshootlarning kichik maketlari hamda o‘ziga xos me’moriy yechimga ega boshqa bunyodkorlik namunalari ham ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ladi, deyiladi xabarda.