Toshkent shahridagi tantanali tadbir 21 mart kuni «Humo Arena» majmuasida bo‘lib o‘tdi. Tantana ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi. Davlat rahbari barchani Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda Navro‘z saylini o‘tkazayotgan barcha-barcha yurtdoshlarimizga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon bo‘lsin! Sharqona Yangi yilimiz — Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin, — dedi davlatimiz rahbari.

Bayram sho‘x-shodon qo‘shiqlar, raqslar bilan davom etdi. Sahnada O‘zbekistonning har bir hududi an’analari, o‘ziga xos san’ati, xalq o‘yinlari ifodalandi. Folklor-etnografik jamoalar dehqonchilikka baraka tilab, Navro‘z, tabiat, mehr-oqibat haqida qo‘shiqlar aytdi. Estrada xonandalarining chiqishlari, bolakaylarning o‘yin-kulgulari barchaga zavq-shavq ulashdi.

Sahna ortidagi yirik monitorlarda O‘zbekiston tabiati, xalqimizning farovon hayoti, keyingi yillardagi bunyodkorlik ishlari namoyish etildi.

Bayram tadbirida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat a’zolari, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan kishilar, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Navro‘z sayillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, tuman, qishloq va ovullarda davom etmoqda.