Bugungi kunga kelib O‘zbekistondagi oilaviy mehmon uylari soni 137 ga yetib, ulardagi joylar soni 1128 ni tashkil etmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Oilaviy mehmon uylari tashkil etilgan hududlar orasida Samarqand viloyati yetakchi bo‘lib 25 ta, Qashqadaryo viloyatida 22 ta, Toshkent viloyatida 22 ta, Buxoro viloyatida 16 ta, Surxondaryo viloyati 11 ta, Toshkent shahrida 10 ta, Xorazm viloyatida 8 ta, Jizzax viloyatida 8 ta, Navoiy viloyatida 6 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta, Farg‘ona viloyatida 3 ta, Andijon viloyatida 1 tani tashkil etmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori kuchga kirgandan so‘ng qisqa muddat ichida hududlarda 100 dan ortiq oilaviy mehmon uylari ochilgan. Turizm sohasidagi joylashtirish vositalarining ushbu turi 2018 yilning o‘zida 4000 mingdan ortiq xorijiy davlat fuqarolarini qabul qilgan.

Qarorning umumiy mazmuni hududlarning turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, turizm xizmatlari ko‘rsatish sohasida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda aholining bandligi va farovonligini oshirishdan iborat.

Mehmon uyida uy egasining oila a’zolari bilan birga yashash tamoyili bilan bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (sayyohlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy uy-joy hisoblanadi.