O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Saxa Respublikasida (Yoqutiston) markaziy osiyolik mehnat migrantlariga qarshi mitinglar munosabati bilan favqulodda ishchi guruhi tuzdi, deya xabar berdi Mehnat vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.

18 mart kuni bir necha ming Saxa Respublikasi aholisi mehnat migrantlariga qarshi mitingga chiqdi. Bunga yoqutistonlik ayolning migrantlar tomonidan zo‘rlangani sabab bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi uch nafar Qirg‘iziston fuqarosini ayblamoqda. Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.

«Triumf» sport majmuasida respublika rahbari Aysen Nikolayev hududiy migratsiya siyosatini kuchaytirish taklifi bilan chiqqan Yakutsk shahri meri Sardana Avksenteva aholi bilan uchrashdi. Aysen Nikolayev aholi manfaatlarini himoya qilish uchun zarurat tug‘ilsa mehnat migrantlariga nisbatan cheklovlar va bir qator taqiqlar o‘rnatilishini ma’lum qildi.

Meduza nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 18 mart kuni taksichilik va sabzavot do‘konlarida sotuvchilik qiluvchi migrantlar ishga chiqmagan. Boshqa mamlakatlardan kelib ishlayotganlarga nisbatan tahdidlar boshlangan.

RIA Novostining yozishicha, Yoqutiston politsiyasi boshlig‘i sabzavot do‘konlariga qirg‘in solgan shaxslar guruhi qo‘lga olingani haqida xabar qilib, shahar aholisini tashviqotlarga uchmaslikka va millatlararo kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmaslikka chaqirdi. Ayni vaqtda, shahar avtobuslaridan birida haydovchilik qiluvchi migrantga yetti kishi hujum qilgan.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Saxa Respublikasida 11250 nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Vazirlik xodimlari Yoqutistondagi o‘zbek diasporasi vakili Toshpo‘lat Yodgorov bilan aloqa o‘rnatgan.

«Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugun vaziyat keskin emas, vatandoshlarimiz hayoti va salomatligiga hech kim tahdid solayotgani yo‘q. Shunga qaramasdan, diaspora vakili ehtiyotkorlikni yo‘qotmaslik va zaruratsiz odamlar ommaviy to‘plangan joylarga bormaslikka chaqirmoqda», — deyiladi xabarda.

Vaziyat O‘zbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakili Saidno‘mon Mansurov tomonidan ham nazorat ostiga olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saxa Respublikasidagi vaziyat barqarorlashgan.

Saxa Respublikasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari ko‘mak olish va huquqlari himoya qilinishi uchun Mehnat vazirligining Rossiyadagi +7 (903) 507-76-67 va Toshkentdagi +998 (71) 200−06−00 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.