Toshkent viloyati Nurafshon shahar ma’muriy sudi 19 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisda yer uchastkasi viloyat hokimligi tomonidan olib qo‘yilayotgan «Yangiobod. Chotqol marvaridi» sayyohlik bazasi egalarining da’vosini qanoatlantirmadi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar qilishicha, sudya Husan Hamidov viloyat hokimi G‘ulomjon Ibragimovning 2019 yil 25 yanvardagi qarorini qonuniy kuchga ega emasligini tan olishni rad etdi.

Birinchi sud majlisida hokimiyat vakili ishtirok etmagan, turbaza huquqshunosi Azimjon Rahmatov viloyat ma’muriyati yerni olib qo‘yish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik da’vosi bilan chiqqan edi.

Seshanba kuni viloyat hokimligi yuridik xizmati boshlig‘i Abdumutal Asrorov hokim G‘ulomjon Ibragimovning ishonchli vakili sifatida sud majlisida ishtirok etdi. Sud majlisida Nurafshon prokurori yordamchisi J. Suvarov va «Yangiobod» turbazasi asoschisi Ali To‘xtayev ham qatnashdi.

«Yangiobod» turbazasi mart oyida.

Toshkent viloyati hokimi o‘z qarorida asos qilib keltirgan Vazirlar Mahkamasining 42-sonli farmoyishi talablari to‘g‘risidagi da’vo qanoatlantirilmadi. Sudya buni o‘z tashabbusi bilan viloyat hokimligiga so‘rov jo‘natgani, vakil javob xatini sud majlisida taqdim etgani bilan izohladi.

Xatda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston Yer kodeksining 5-moddasida yer munosabatlarini tartibga solish sohasida quyidagilar viloyatlar, Toshkent shahar davlat hokimiyati organlarining vakolatlariga kirishi ko‘rsatilgan:

«O‘lchamidan qat’i nazar barcha yerlarni olib qo‘yish, alohida qimmatga ega bo‘lgan unumdor sug‘oriladigan yerlar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, shahar atrofi yerlari va shaharlarning yashil zonalari yerlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va o‘quv yurtlarining tajriba maydonlari, o‘rmon o‘simliklari bilan qoplangan yerlar bundan mustasno».

Yurist taqdim etilgan xatda hukumat farmoyishiga tushuntirish va ushbu hujjatning nusxasi yo‘qligini qayt etdi. Sudya hokimiyat harakatlariga huquqiy baho berilishini ma’lum qildi.

Hokimiyat vakili Abdumutal Asrorov o‘z nutqida turbazaning olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi qaror davlat va jamoat ehtiyojlari uchun tadbirkorning huquq va manfaatlari himoya qilinishini hisobga olgan holda qabul qilinganini aytib o‘tdi.

«Biz tadbirkorga o‘z istagan joydan teng miqdordagi — 10 gektar yer uchastkasi o‘rniga 10 gektarlik yer taklif qilmoqdamiz», — dedi u.

Yurist Abdumutal Asrorovga bir qancha savollar berdi:

1. Sizning 2019 yil 25 yanvardagi 53-sonli qaroringizda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 yanvardagi 42-sonli farmoyishi asos qilib olingan, u nima haqda?

Javob: Yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi to‘g‘risida.

2. Sudga ushbu farmoyishni tanishib chiqish uchun taqdim eta olasizmi?

Javob: Uni o‘zim bilan olib kelmadim.

Yuristning hujjatni taqdim etish to‘g‘risidagi da’vosi qanoatlantirilmadi.

3. Qanday yo‘l bilan u sizning «Yangiobod. Chotqol marvaridi» sayyohlik bazasidan yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaroringizga ta’sir ko‘rsatdi. Hujjatda bevosita ko‘rsatilganmi?

Javob: Bu Toshkent viloyati hokimi qarorida ko‘rsatilgan. Yer davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilmoqda.

4. Aynan qaysi maqsadlarda yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilmoqda? Nima uchun qarorda maqsad ko‘rsatilmagan, u qanday qilib Yer kodeksi, prezidentning 2018 yil 1 avgustdagi 5495-sonli farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 25 maydagi 97-sonli qarori talablariga javob beradi?

Javob: Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun.

Yurist aynan qaysi maqsadda olib qo‘yilayotgani ma’lum qilinishini talab qildi, biroq javob ololmadi.

5. Yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror Xalq deputatlari kengashi tomonidan qabul qilingan edimi, vaholanki «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi qonun buni talab qiladi?

Javob: Yo‘q, bo‘lmagan, chunki Kengash sessiyasi o‘tkazilgani yo‘q hali. U har chorakda bir marta yoki bir yilda ikki marta o‘tkaziladi.

6. «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida"gi qonun talablariga ko‘ra, viloyat hokimi qarori loyihasiga viloyat adliya boshqarmasi tomonidan yuridik xulosa berdimi?

Javob: Yo‘q, [ekspertiza] o‘tkazilmadi. Hokim qarori huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjat hisoblanmaydi. Yer kodeksining 5-moddasi bo‘yicha hokim davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish vakolatiga ega. Bu yerda hech qanday qonun buzilishlari bo‘lmagan.

7. Qaror qabul qilingunga qadar yerdan foydalanuvchi bilan kelishish bo‘yicha jarayon o‘tkazilganmi?

Javob: Ha, o‘tkazilgan.

8. Muhokamalar jarayonida tomonlar qarorga kelgan?

Javob: U (Ali To‘xtayev — tahr.) rozi bo‘lmadi.

Da’vogar vakili Ali To‘xtayevga yer uchastkasi olib qo‘yilishi to‘g‘risida faqatgina Angren hokimi xati berilganda ma’lum qilinganini ta’kidlab o‘tdi. Qaror qabul qilingani haqida hakam Toshkent viloyati qarorini topshirganda ma’lum qilishgan.

9. «Yangiobod» turbazasining manfaatdor shaxslari bilan ushbu qarorning foyda va chiqimlari to‘g‘risida ochiq muhokamalar o‘tkazildimi?

Javob: Ha, muhokama qilingan. Angren hokimi, uning investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari ishtirok etgan. Yer egasiga barchasi tushuntirilgan.

Ali To‘xtayev muhokama o‘tkazilmaganini protokoldan tashqari ma’lum qildi.

10. Bunday muhokama o‘tkazilganini tasdiqlovchi hujjat bormi?

Javob: Ha, bor.

Hokimiyat vakili davlat organlari rahbarlari imzolagan, biroq Ali To‘xtayevning imzosi bo‘lmagan «Yangiobod. Chotqol marvaridi» mulkdorlari bilan suhbat o‘tkazilgani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma nusxasini taqdim etdi.

Azimjon Rahmatov o‘z so‘zi yakunida hokimiyat yer uchastkalarini olib qo‘yish bo‘yicha qonunchilikda ko‘zda tutilgan bir qator jarayonlarni buzganini tasdiqlovchi zarur ma’lumotlarning barchasi taqdim etilganini ma’lum qildi va ushbu qarorning qonuniy kuchga ega emasligini tan olishni so‘radi.

Yurist turbaza mulkdorlari ob’ektni 2007 yilda sotib olganda 260 mln so‘mlik investitsion majburiyatlarni to‘liq bajargani va 2010 yilda mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatni olganini ma’lum qildi. ular hozirga qadar ob’ektga investitsiya kiritib, uni rivojlantirmoqda, dedi u.

Hokimiyat yuridik xizmati boshlig‘i Abdumutal Asrorov hokim qarori amaldagi qonunchilikka mos kelishini so‘zladi. U qaror tadbirkor huquq va manfaatlarini hisobga olgan holda qabul qilinganini va turbaza vakilining da’vosini qanoatlantirishni rad etishni so‘radi.

Nurafshon prokurori yordamchimi Suvarov ham da’voni qanoatlantirishni rad etish hamda «Yangiobod. Chotqol marvaridi» vakili talab qilgan barcha zarur hujjatlarni taqdim etishni so‘radi.

Sudya Husan Hamidov taxminan 6−7 daqiqa maslahat xonasida ushlanib qoldi va qaytgach, da’voni qanoatlantirish rad etilishi to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi.

«Gazeta.uz» turbaza atrofidagi vaziyat to‘g‘risida fevral boshida yozgan edi. Turbaza xodimlari xabariga ko‘ra, yanvarda bu yerga Milliy gvardiya vakillari kelgan. Ali To‘xtayevga yer uchastkasi olib qo‘yilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyingi kun ma’lum qilishgan, hokim qarorini esa 26 yanvarga kelibgina ko‘rgan.